Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligining yangi faoliyat yo‘nalishlari belgilandi
2026-09-24 14:10:00 / Yangiliklar

Prezidentimizning 2026-yil 22-sentyabrda “Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–202-son Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi (Regulyator) ning yangi faoliyat yo‘nalishlari belgilandi. Xususan:
- Elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotida bozor tamoyillarini bosqichma-bosqich tashkil qilishni ta’minlash;
- Elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz bozorlarida raqobatni qo‘llab-quvvatlash, bozorning jozibadorligini hamda talab va taklifning mutanosibligini ta’minlash;
- Elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz bozorlarining barcha ishtirokchilari uchun teng huquq va shaffoflikni ta’minlovchi qonun-qoidalarga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini o‘rnatish;
- Elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz bozorlari ishtirokchilari faoliyatini litsenziyalash, ularning litsenziya shartlariga amal qilishini nazorat qilish;
- Elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlashdagi texnologik yo‘qotishlarning ruxsat etilgan me’yorlarini tasdiqlash;
- Bozor konyunkturasi va energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda ishlab chiqarish hajmlarini oshirishni rejalashtirish hamda infratuzilmani yaratishga qaratilgan uzoq muddatli investitsiya siyosatini shakllantirishda va amalga oshirishda ishtirok etish;
- 2028-yildan boshlab elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotida:
(a) tartibga solinadigan tariflar va to‘lovlarni tasdiqlash;
(b) iste’molchilar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xizmatlar sifati ustidan monitoringni amalga oshirish hamda iste’molchilar murojaatlarini ko‘rib chiqishning samarali tizimini joriy etish vazifalari belgilandi.
