Agentlikda davra suhbati bo‘lib o‘tdi
2026-08-26 09:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning mazmun-mohiyatini xodimlarga yetkazish va ijrosini taʼminlash maqsadida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda mazkur Konstitutsiyaviy Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifa va vakolatlari, shuningdek davlat organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish mexanizmlari huquqiy jihatdan belgilab berilganligi taʼkidlandi.
Xususan, Prezident Administratsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari ijrosini taʼminlash doirasida davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirishi, ijro holatini o‘rganishi va monitoring qilishi, zarur maʼlumotlar va materiallarni talab qilishi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilishini taʼminlashi mumkinligi tushuntirildi.
Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Prezident hujjatlari va topshiriqlarining o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq ijro etilishi, tegishli maʼlumotlar ishonchli va belgilangan muddatlarda taqdim etilishi, ijro natijalari bo‘yicha hisobdorlik taʼminlanishi muhim ekanligi qayd etildi.
Shuningdek, Konstitutsiyaviy Qonunning kuchga kirishi, uning talablarini davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida to‘g‘ri qo‘llash, Prezident Administratsiyasi bilan o‘zaro munosabatlarda qonuniylik, ijro intizomi, ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlik prinsiplariga rioya etish masalalari yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.
Mavzu doirasida ishtirokchilarning savollariga javob berildi, fikr va mulohazalar almashildi.


