Rahbar va yoshlar uchrashuvi
2026-07-16 12:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli yoshlar, qadrli hamkasblar!
Avvalo, barchangizni bugungi uchrashuvda ko‘rib turganimdan mamnunman.
Bugun biz sizlar bilan nafaqat Agentlik faoliyati haqida suhbatlashish, balki yoshlarning fikr-mulohazalari, g‘oya va tashabbuslarini tinglash uchun yig‘ildik. Chunki har qanday tashkilotning rivojlanishi, eng avvalo, bilimli, faol, yangilikka intiluvchan va masʼuliyatli kadrlarga bog‘liq.
Yoshlar — jamiyatni yangilanish va taraqqiyot sari yetaklaydigan asosiy kuchdir. Shu bois mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularning sifatli taʼlim olishi, munosib kasb egallashi, bandligini taʼminlash, iqtidor va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
“Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunda yoshlarga oid davlat siyosati yoshlarning intellektual, ijodiy va boshqa salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar tizimi sifatida belgilangan.
Bu esa yoshlar bilan ishlash bir martalik tadbirlar bilan cheklanmasligi, balki tizimli, manzilli va natijaga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerakligini anglatadi.
2026 yil 20 aprelda qabul qilingan “Yangi O‘zbekiston yoshlari — 2030” strategiyasi bu boradagi ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqdi. Strategiyaning asosiy maqsadi — 2030 yilga qadar ijtimoiy faol, iqtisodiy mustaqil, innovatsion fikrlaydigan, maʼnan va jismonan sog‘lom hamda mamlakat taraqqiyotida faol ishtirok etadigan raqobatbardosh yosh avlodni shakllantirishdan iborat.
Strategiyada yoshlarni davlat boshqaruvi va strategik qarorlar qabul qilish jarayonlariga keng jalb etish, ularning bandligi va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy kasblar, raqamli texnologiyalar va amaliy ko‘nikmalarni egallashiga ko‘maklashish muhim vazifalar sifatida belgilangan. Shuningdek, yoshlarning innovatsion g‘oyalari va startaplarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ilm-fan va texnologiya sohasidagi faolligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Hurmatli yoshlar!
Bugungi kunda mamlakatimiz energetika sohasida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Energetika — bu faqat elektr energiyasini ishlab chiqarish yoki uni isteʼmolchilarga yetkazib berish emas. Energetika sanoat, tadbirkorlik, taʼlim, tibbiyot, raqamli iqtisodiyot va har bir xonadonning barqaror hayoti uchun muhim asosdir.
Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi 2023 yilda energetika sohasidagi islohotlarning navbatdagi bosqichi doirasida tashkil etilgan. Agentlik energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi mustaqil respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Agentlikning asosiy vazifalaridan biri — elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozorlarini bosqichma-bosqich shakllantirishdir. Bunda bozor ishtirokchilari uchun teng sharoit yaratish, raqobatni qo‘llab-quvvatlash, talab va taklif mutanosibligini taʼminlash hamda sohada shaffof qoidalarni joriy etish muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, Agentlik bozor ishtirokchilarining faoliyatini litsenziyalash va litsenziya talablariga rioya etilishini nazorat qilish, tarif va to‘lovlarni shakllantirish jarayonida ishtirok etish, elektr tarmoqlaridagi texnologik yo‘qotishlar meʼyorlarini belgilash va ularni kamaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifalarini amalga oshiradi.
Agentlik energetika sohasida uzoq muddatli investitsiya siyosatini shakllantirishda ishtirok etadi, infratuzilmani rivojlantirish, energiyaga bo‘lgan talabni hisobga olish, mahalliy tovar va xizmatlardan foydalanishni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.
Ushbu vazifalar oddiy ko‘rinsa-da, ularning har biri chuqur iqtisodiy tahlil, huquqiy bilim, texnik tajriba, zamonaviy axborot texnologiyalari va xalqaro amaliyotni o‘rganishni talab qiladi.
Masalan, elektr energiyasi bozorida raqobatni shakllantirish uchun iqtisodchilar va moliyachilar zarur bo‘lsa, onlayn savdo platformalarini yaratish va maʼlumotlarni tahlil qilish uchun dasturchilar, axborot texnologiyalari mutaxassislari hamda maʼlumotlar tahlilchilari kerak bo‘ladi. Tariflarni asosli belgilash uchun iqtisodiy va moliyaviy hisob-kitoblar, bozor ishtirokchilari faoliyatini tartibga solish uchun esa malakali huquqshunoslar va energetika mutaxassislarining bilimi talab etiladi.
Demak, energetika sohasining kelajagi faqat muhandislarga emas, balki iqtisodchilar, huquqshunoslar, moliyachilar, raqamli texnologiyalar mutaxassislari, ekologlar va xalqaro munosabatlar bo‘yicha kadrlarga ham bog‘liq.
Shu maʼnoda, Agentligimiz yoshlar uchun o‘z bilim va salohiyatini namoyon etish mumkin bo‘lgan istiqbolli maydondir.
Hurmatli yoshlar!
Bugungi tez o‘zgaruvchan zamonda oliy taʼlim muassasasini tamomlashning o‘zi yetarli emas. Mutaxassis o‘z ustida doimiy ishlashi, qonunchilikdagi o‘zgarishlarni kuzatib borishi, zamonaviy texnologiyalarni o‘rganishi va xorijiy tillarni egallashi zarur.
Ayniqsa, energetika bozorini tartibga solish sohasida ishlaydigan mutaxassis iqtisodiy, huquqiy va texnik bilimlarni bir-biri bilan bog‘lay olishi kerak. U faqat muammoni ko‘rsatib berish bilan cheklanmasdan, uni hal etish bo‘yicha asoslangan va amaliy taklif bera olishi lozim.
Biz yoshlardan, eng avvalo, tashabbuskorlikni kutamiz.Tashabbus — bu faqat yangi g‘oya aytish emas. Tashabbus muammoni o‘rganish, uning sabablarini aniqlash, yechim variantlarini taklif qilish va natija uchun masʼuliyatni o‘z zimmasiga olishdir.
Ikkinchidan, yosh mutaxassislarda halollik va masʼuliyat hissi yuqori bo‘lishi kerak. Davlat organida faoliyat yuritadigan har bir xodim qabul qilayotgan qarori jamiyat va fuqarolar manfaatiga taʼsir qilishini unutmasligi lozim. Qonunga hurmat, xolislik, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik va korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz munosabat — har bir davlat xizmatchisining asosiy tamoyili bo‘lishi shart.
Uchinchidan, yoshlar raqamli texnologiyalardan samarali foydalanishni bilishi kerak. Elektr energiyasi bozorini zamonaviy maʼlumotlar tizimi, onlayn platformalar, avtomatlashtirilgan monitoring va tahlil vositalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Agentlikning bozor qoidalarini ishlab chiqish,onlayn savdo platformasini rivojlantirish va tartibga solish jarayonlarini takomillashtirish vazifalari ham zamonaviy raqamli ko‘nikmalarga ega kadrlarni talab etadi.
To‘rtinchidan, yoshlar energiya resurslaridan oqilona foydalanish madaniyatini targ‘ib qiluvchi faol kuch bo‘lishi kerak. Energiya tejamkorligi faqat davlat organlari yoki energetika korxonalarining vazifasi emas. Bu har bir oila, har bir tashkilot va har bir fuqaroning kundalik odatiga aylanishi zarur.
Agentlik faoliyatida yoshlarning ishtirokini kengaytirish uchun ularning takliflarini tizimli o‘rganish, sohaviy muhokamalar va ishchi guruhlarga jalb etish, tajribali mutaxassislarga biriktirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini oshirish muhim deb hisoblaymiz.
Biz uchun yoshlarning fikri shunchaki tinglanadigan fikr emas, balki qarorlar sifatini oshirishga xizmat qiladigan muhim manba bo‘lishi kerak.
Aziz yoshlar!
Sizlarning har biringizda yangi g‘oya, kuch-g‘ayrat va katta imkoniyat mavjud. Ushbu imkoniyatni to‘g‘ri yo‘naltirish, bilim va mehnat bilan mustahkamlash orqali nafaqat shaxsiy muvaffaqiyatga, balki yurtimiz taraqqiyotiga ham munosib hissa qo‘shishingiz mumkin.
Agentlik sizlarning sohani rivojlantirishga qaratilgan asosli takliflaringizni tinglashga, amaliy ahamiyatga ega g‘oyalarni ko‘rib chiqishga va yosh mutaxassislarning kasbiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Ishonchim komilki, bilimli, halol, tashabbuskor va zamonaviy fikrlaydigan yoshlar bilan birgalikda energetika bozorini yana-da shaffof, raqobatbardosh va samarali tizimga aylantira olamiz.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, o‘qish va mehnat faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, yangi g‘oya va tashabbuslar tilayman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!
Sh. Xodjayev
Energetika bozorini rivojlantirish
va tartibga solish agentligi direktori
