Qonunchilikdagi yangiliklar
2026-06-24 09:55:00 / Yangiliklar

Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, korrupsiya uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan qonun qabul qilindi.
Qonun bilan:
- korrupsiyaga oid jinoyatlarning aniq ro‘yxati belgilandi;
- korrupsiya uchun javobgarlik va jazo choralari kuchaytirilmoqda;
- korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarning himoyasi taʼminlanmoqda;
- Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy va hududiy kengashlar, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda komplayens va ichki nazorat tuzilmalari vakolatlari asosiy qonunda aks etdi;
- davlat xaridlarida korrupsiyaviy omillarni qisqartirish choralari kuchaytirildi;
- korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.
Jumladan:
▫️Jinoyat kodeksida:
- “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasiga taʼrif berilib, unga 18 turdagi jinoyat kiritildi;
- korrupsiyaviy jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytirildi;
- o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik uchun takroran hukm qilingan va yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplamagan, shuningdek, takroran yoki xavfli retsidivist bo‘la turib yoxud juda ko‘p miqdorda pora olish, pora berish, pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlarini sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qoidalari qo‘llanilmasligi belgilandi.
▫️Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda:
- davlat xaridlarida xarid predmetining boshlang‘ich narxini shakllantirish tartibini buzish, shuningdek, boshlang‘ich narx hamda o‘rtacha bozor narxi o‘rtasida yo‘l qo‘yiladigan tafovutning eng ko‘p miqdorini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.
