Yillik davriy litsenziya yig‘imlari stavkalari yakuniy isteʼmolchilar uchun elektr energiyasi tariflari oshishiga olib kelmaydi
2026-05-12 12:20:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 27 apreldagi 203-son qarori bilan elektr energetikasi sohasidagi faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya uchun yillik davriy yig‘im stavkalari tasdiqlandi.
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasining “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-fevraldagi 91-son qaroriga muvofiq qabul qilingan bo‘lib, elektr energetikasi bozorini samarali tartibga solish, litsenziyalash jarayonlarini takomillashtirish hamda sohada zamonaviy monitoring va nazorat mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda elektr energetikasi sohasida bosqichma-bosqich raqobatli bozor munosabatlariga o‘tish jarayoni amalga oshirilmoqda. Xususan, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, elektr energiyasini ishlab chiqarish va savdo qilish sohalarida raqobat muhitini shakllantirish, investitsiyalarni jalb qilish hamda bozor ishtirokchilari uchun teng va shaffof shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha izchil islohotlar olib borilmoqda.
Xalqaro amaliyotda elektr energetikasi sohasida faoliyat yurituvchi bozor ishtirokchilari tomonidan yillik litsenziya yig‘imlarini to‘lash amaliyoti keng qo‘llaniladi. Bunday mexanizm Turkiya, Gruziya, Buyuk Britaniya, Kanada, Janubiy Afrika Respublikasi va boshqa qator davlatlarda joriy etilgan bo‘lib, elektr energetikasi bozorini samarali tartibga solish, shaffof va barqaror bozor munosabatlarini taʼminlash hamda soha ishtirokchilari uchun teng raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekistonda ham elektr energetikasi sohasida tartibga solish tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, litsenziyalash jarayonlarini raqamlashtirish, bozor ishtirokchilari faoliyatini monitoring qilish, tahlil qilish va nazorat qilish mexanizmlarini rivojlantirish maqsadida litsenziya uchun yillik davriy yig‘imlar joriy etilmoqda.
Qarorga muvofiq, yillik davriy litsenziya yig‘imi elektr energiyasini ishlab chiqarish, saqlash, uzatish, taqsimlash, elektr taʼminoti, markaziy xarid qiluvchi hamda elektr energiyasi savdosi faoliyat turlari bo‘yicha belgilandi.
Shu bilan birga, mazkur yillik davriy litsenziya yig‘imlari stavkalari yakuniy isteʼmolchilar uchun elektr energiyasi tariflari oshishiga olib kelmasligi maʼlum qilinadi. Xususan, mazkur yig‘imlar miqdori elektr energetikasi korxonalarining umumiy yillik aylanmasiga nisbatan o‘rtacha 0,1 foiz atrofini tashkil etib, tarmoq ishtirokchilari faoliyatiga sezilarli moliyaviy yuklama yuzaga keltirmaydi.
Shuningdek, xalqaro tajriba tahlillari shuni ko‘rsatadiki, elektr energetikasi sohasini tartibga solish bilan bog‘liq yillik litsenziya yig‘imlari ko‘plab davlatlarda amaliyotga joriy etilgan. Jumladan, Gruziyada mazkur yig‘imlar litsenziatning yillik aylanmasining 0,3 foizini, Buyuk Britaniyada tarifning 1,56 foizini, Kanadada esa tartibga solinadigan daromadning 0,1 foizini tashkil etadi. O‘zbekistonda joriy etilayotgan litsenziya yig‘imlari miqdori esa elektr energetikasi korxonalarining umumiy yillik aylanmasiga nisbatan o‘rtacha 0,1 foiz atrofida bo‘lib, xalqaro amaliyotga nisbatan past darajada hisoblanadi.
Mazkur litsenziya yig‘imlari elektr energetikasi bozorini tartibga solish, litsenziyalash jarayonlarini raqamlashtirish, monitoring va nazorat tizimlarini takomillashtirish hamda bozor ishtirokchilari uchun shaffof va samarali tartibga solish muhitini taʼminlashga xizmat qiladi.
