Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida murojaatlar bilan ishlash: ochiq muloqot, tizimli yondashuv va amaliy natijalar
Murojaatlar soni kamaydi
2026-yilning yanvar–iyun oylari davomida vazirlikka jismoniy va yuridik shaxslardan jami 4 572 ta murojaat kelib tushdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,1 foizga kamaygan bo‘lib, murojaatlar bilan ishlash tizimida profilaktik va tushuntirish ishlari samarasi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Kelib tushgan murojaatlarning 3 900 tasi (85,4%) elektron, 468 tasi (10,2%) yozma, 204 tasi (4,4%) og‘zaki murojaatlarni tashkil etdi. Bu esa fuqarolar raqamli xizmatlardan tobora keng foydalanayotganini ko‘rsatadi.
Hududlar kesimidagi tahlil
Murojaatlarning hududlar bo‘yicha tahliliga ko‘ra, eng ko‘p murojaatlar:
- Toshkent shahri — 19,2 %;
- Samarqand viloyati — 8,9 %;
- Qashqadaryo viloyati — 8,5 %;
- Farg‘ona viloyati — 7,5 %;
- Surxondaryo viloyati — 7,2 %;
- Toshkent viloyati — 7,2 %;
hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan 41,4 foiz murojaatlar respublikaning boshqa hududlaridan kelib tushgan.
Aynan shu tahlillar asosida muammoli hududlar aniqlanib, vazirlik rahbariyati tomonidan manzilli choralar ko‘rilmoqda.
Dolzarb mavzular
Murojaatlar mazmuni tahlil qilinganda fuqarolarni qiziqtirayotgan asosiy masalalar quyidagilardan iborat bo‘ldi:
- o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash — 536 ta (11,8%);
- ta’lim muassasalari faoliyati — 504 ta (11,0%);
- diplom masalalari — 483 ta (10,6%);
- talabalar bilimini baholash va yakuniy davlat attestatsiyasi — 400 ta (8,7%);
- ta’lim muassasalari xodimlari faoliyatidan norozilik — 340 ta (7,4%);
- kontrakt to‘lovlari — 322 ta (7,0%);
- qabul jarayonlari — 301 ta (6,6%);
- moliyaviy masalalar (ish haqi, stipendiya, moddiy yordam) — 185 ta (4,0%);
- ish bilan ta’minlash masalalari — 170 ta (3,7%);
- ilmiy tadqiqot faoliyati — 114 ta (2,5%);
- talabalar turar joylari — 98 ta (2,1%).
Qolgan 1 119 ta murojaat (24,6%) turli boshqa masalalarga oid bo‘lgan.
Murojaatlarning ijobiy hal etilishi
Hisobot davomida ko‘rib chiqilgan murojaatlarning:
- 80,4 foizi (3 680 ta) ijobiy hal etildi;
- 4,6 foizi (210 ta) bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi;
- 10,1 foizi (459 ta) hududiy idoralarga yuborildi;
- 2,0 foizi (92 ta) vakolatli davlat organlariga yo‘naltirildi;
- 2,4 foizi (108 ta) ko‘rib chiqilmoqda;
- 0,5 foizi (23 ta) qonunchilikda belgilangan asoslarga ko‘ra ko‘rmasdan qoldirildi.
Bu ko‘rsatkichlar murojaatlarning asosiy qismi bo‘yicha amaliy yechimlar ta’minlanayotganini ko‘rsatadi.
Joyiga chiqqan holda murojaatlarni o‘rganish amaliyoti
Vazirlik murojaatlarni faqat hujjatlar asosida emas, balki murojaat muallifi ishtirokida ko‘rib chiqish amaliyotini keng yo‘lga qo‘ygan.
Bugungi kunda murojaatlarning 50 foizdan ortiq qismi joyiga chiqqan holda o‘rganilmoqda. Joyiga chiqish talab etilmagan hollarda esa mas’ul xodimlar fuqaro bilan telefon orqali bog‘lanib, masala mohiyatini aniqlash, huquqiy tushuntirish berish hamda yozma javob taqdim etish tartibi yo‘lga qo‘yilgan.
Bunday yondashuv murojaatlarning sifatli ko‘rib chiqilishi bilan bir qatorda, takroriy murojaatlarning ham oldini olishga xizmat qilmoqda.
Sayyor qabullar va ishonch telefoni samara bermoqda
Hududlarda mavjud muammolarni joyida hal qilish maqsadida 2026-yilning birinchi yarmida vazirlik rahbariyati tomonidan 8 marta sayyor qabullar tashkil etildi.
Shu bilan birga, vazirlikning Ishonch telefoni orqali hisobot davrida 28 mingdan ortiq qo‘ng‘iroq qabul qilinib, fuqarolarning savollariga tezkor javob berildi.
Nazorat va tahlil tizimi kuchaytirildi
Murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonining samaradorligini ta’minlash maqsadida ushbu masala haftasiga ikki marta — dushanba va juma kunlari vazirlik apparat yig‘ilishlarida muhokama qilinib, ijro intizomi hamda murojaatlarni ko‘rib chiqish sifati muntazam tahlil qilib borilmoqda.
Shuningdek, vazirlik rahbariyatiga shaxsiy qabulga kelgan fuqarolarning masalalari qabul jarayonining o‘zidayoq tegishli tarkibiy bo‘linmalar ishtirokida muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilanmoqda.
Profilaktik ishlar murojaatlar sonini qisqartirmoqda
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarni aholiga keng tushuntirish, qonunchilikdagi o‘zgarishlarni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritish ham murojaatlar sonining kamayishiga xizmat qildi.
Natijada qator yo‘nalishlar bo‘yicha murojaatlar soni sezilarli darajada qisqardi. Xususan:
- xorijiy davlatlardan o‘qishni ko‘chirish masalalari — 62,8 %;
- texnikumlarga qabul va o‘qishni tiklash — 38,9 %;
- talabalar safidan chetlatilish bo‘yicha murojaatlar — 30,2 %;
- talabalar stipendiyasi — 29,1 %;
- respublika hududida ichki o‘qish ko‘chirish masalalari — 27,6 % kamaydi.
Bu esa fuqarolarni o‘z vaqtida xabardor qilish, huquqiy tushuntirish ishlarini kuchaytirish hamda murojaatlarning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida murojaatlar bilan ishlash faqat kelib tushgan murojaatga javob qaytarish bilan cheklanib qolmay, balki muammoning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish, profilaktik choralar ko‘rish, hududlarda manzilli ishlash hamda aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlash tamoyillari asosida tashkil etilmoqda.
Bugungi kunda murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etilayotgani, sayyor qabullar, ishonch telefoni, joyiga chiqqan holda o‘rganish amaliyoti hamda ochiq axborot siyosati orqali takroriy murojaatlar kamayib borayotgani mazkur tizimning samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
