Gretsiya universitetlari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2025-11-04 15:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Muzokaralar chog‘ida tomonlar ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi bevosita hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Xususan, o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, shuningdek, mutaxassislar hamda tadqiqotchilarning ikki mamlakatda tashkil etiladigan xalqaro konferensiya, simpozium, seminar va davra suhbatlarida faol ishtirokini ta’minlash istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston va Gretsiya o‘rtasidagi hamkorlik hozirda asosan Yevropa Ittifoqining “Erasmus+” ta’lim dasturi doirasida yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur dastur orqali mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, qo‘shma ta’lim loyihalarini amalga oshirish hamda akademik harakatchanlikni kengaytirish yo‘nalishlarida samarali natijalarga erishilmoqda.
Bugungi kunda Toshkent davlat texnika universiteti Afina texnologik o‘quv instituti bilan, Andijon mashinasozlik instituti esa G‘arbiy Attika universiteti bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Ushbu tajribani kengaytirish maqsadida boshqa O‘zbekiston OTMlarini ham Gretsiya oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma loyihalarga jalb etish taklifi ilgari surildi.
Shuningdek, Gretsiya universitetlarining professor-o‘qituvchilari va mutaxassislari O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida ma’ruzalar o‘qish, dars mashg‘ulotlarini olib borish hamda tajriba almashish maqsadida muntazam taklif etib kelinmoqda.
O‘zbekiston tomonidan ayrim sohalarda, xususan, texnologiyalar, muhandislik, turizm va madaniyatshunoslik yo‘nalishlarida – gretsiyalik olim va mutaxassislarni mahorat darslari o‘tkazish hamda ilmiy loyihalarda ishtirok etishga yanada kengroq jalb etish tashabbusi ilgari surildi.
Muloqot yakunida tomonlar oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy tadqiqot loyihalarni amalga oshirish hamda Yevropa Ittifoqining “Erasmus+” dasturi doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.



