Oʻzbekiston va Filippin oliy taʼlim idoralari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi
2025-11-01 20:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Suhbat davomida tomonlar ikki davlat oliy taʼlim tizimlaridagi islohotlar, kadrlar tayyorlashning zamonaviy yoʻnalishlari va hamkorlik imkoniyatlarini muhokama etdilar.
Qoʻngʻirotboy Sharipov Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda qoʻshma taʼlim dasturlari keng yoʻlga qoʻyilganini taʼkidladi. Mamlakatda xizmat koʻrsatish sohasi jadal rivojlanib borayotgani va bu yoʻnalishda Filippin tajribasi katta ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Vazir shuningdek, Oʻzbekistonda energetika sohasida katta oʻzgarishlar amalga oshirilayotganini taʼkidlab, mamlakat soʻnggi oʻn yil ichida energiya tanqisligidan energoresurslar eksport qiluvchi davlatga aylanganini maʼlum qildi. Shu bilan birga, muqobil energiya, elektronika, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va toʻqimachilik sohalari uchun kadrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlikka tayyorligini bildirdi.
Filippin Oliy taʼlim komissiyasi raisi Shirli Agrupis oʻz navbatida mamlakat taʼlim tizimi haqida maʼlumot berdi. Uning soʻzlariga koʻra, Filippinda taʼlim tizimi uch yoʻnalishni qamrab oladi: maktab taʼlimi, kasbiy taʼlim va oliy taʼlim – bu uch tizim oʻzaro uygʻun holda faoliyat yuritadi.
Shirli Agrupis taʼkidlaganidek, hozircha Filippin va Oʻzbekiston oʻrtasida oliy taʼlim sohasida rasmiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilmagan, ammo bu yoʻnalishda katta salohiyat mavjud. Mamlakatda xorijiy universitetlar filiallari yoʻq, shuning uchun qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish Filippin uchun yangi va istiqbolli yoʻnalish boʻlishi mumkin.
Filippin tomoni tibbiyot va pedagogika sohalarida mutaxassislar tayyorlashda yetakchilik qilayotganini, shuningdek, yadroviy meditsina va iqlimshunoslik sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borilayotganini maʼlum qildi. Shu bois, Filippin universitetlari va Oʻzbekiston ilmiy muassasalari oʻrtasida ilmiy hamkorlik yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar taʼlim va fan sohasidagi aloqalarni mustahkamlash, hamda hamkorlikni rasmiylashtirish uchun oʻzaro anglashuv memorandumini tayyorlash boʻyicha kelishib oldilar.






