O‘zbekiston va Jibuti ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi
2025-11-01 12:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuv davomida tomonlar talabalar va o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, kasbiy ta’limda ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish hamda Jibutining iqtidorli maktab bitiruvchilarini O‘zbekiston oliy va kasbiy ta’lim tashkilotlarida tahsil olishini tashkil etish yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi universitetlar va kasbiy ta’lim tashkilotlari markazlari o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish, o‘zaro hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Moxamed Maxamud Mustafa Jibutida so‘nggi 27-yil davomida amalga oshirilgan ta’lim islohotlari haqida ma’lumot berdi. U ta’kidlaganidek, mamlakatda 100 foiz aholi maktab ta’limi bilan qamrab olingan, qizlar va o‘g‘il bolalar uchun teng huquqli ta’lim muhiti yaratilgan. Shu bilan birga, Jibuti universitetida iqtisodiyot, huquq, muhandislik, tibbiyot va ijtimoiy fanlar yo‘nalishlarida 12 mingdan ortiq talabalar tahsil olmoqda.
Qo‘ng‘irotboy Sharipov o‘z navbatida O‘zbekistonda ta’lim tizimi orqali kambag‘allikni kamaytirish, innovatsiya, iqtisodiy o‘sish va kasbiy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. U Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2026-yil O‘zbekistonda “Kasbiy ta’lim yili” deb e’lon qilingani bois bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish ustuvor vazifa ekanini qayd etdi. Shu doirada Jibuti bilan qo‘shma kasbiy ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, o‘qituvchilar malakasini oshirish va texnik yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Jumladan, dastlabki bosqichda O‘zbekiston oliygohlari va texnikumlarida Jibuti yoshlari uchun muhandislik, tibbiyot, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt kabi sohalarda jami 10 ta grant ajratish imkoniyati borligini ma’lum qildi. Jibuti ta’lim vaziri Moxamed Maxamud Mustafa mazkur taklifni katta mamnuniyat bilan qabul qildi hamda O‘zbekistonning bunday amaliy qadamlarini ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona va strategik hamkorlikni mustahkamlovchi muhim tashabbus sifatida baholadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar oliy va kasbiy ta’lim, fan, innovatsiya sohalarida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ramkaviy hujjatni ishlab chiqish hamda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy choralarni belgilab olishga kelishdilar.



