Kasbiy taʼlim tizimi yangi bosqichga olib chiqiladi
2025-10-29 15:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligi kasbga oʻqitishda yagona regulyatorga aylantiriladi. Mavjud 598 ta texnikum hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimidagi 55 ta monomarkaz texnikum sifatida qayta tashkil etilib, Agentlik tizimiga oʻtkazildi.

Agentlik tomonidan kasbga oʻqitish boʻyicha ishlab chiqiladigan yagona talablar barcha davlat va nodavlat kasbiy taʼlim muassasalari uchun majburiy boʻladi. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Migratsiya agentligi bilan birgalikda kasbga oʻqitish sohasida kadrlar buyurtmachilariga aylanadi.
2028-yildan maktab oʻquvchilarini texnikumga yoʻnaltirish 9-sinf yakuni boʻyicha oʻtkaziladigan imtihon natijasiga koʻra amalga oshiriladi. Germaniya va Shveysariya kabi mamlakatlarning tajribasi asosida kasbga yoʻnaltirish boʻyicha yangi dasturlar ishlab chiqiladi va bu jarayonlarga xorijiy ekspertlar keng jalb etiladi.
Mamlakatimizdagi 47 ta texnikumda Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveysariya, Janubiy Koreya, Belarus, Saudiya Arabistoni kabi pedagogik ilgʻor davlatlar xalqaro dasturlari joriy etilgan boʻlib, 2026-yilda ushbu turdagi texnikumlar sonini 100 taga va keyinchalik umumiy hisobda kamida 250 taga yetkaziladi.
Agentlik tizimidagi Kasbiy taʼlimni rivojlantirish instituti faoliyati Germaniyaning Kasbiy taʼlim va kasbga oʻqitish instituti (BIBB) andozasi asosida toʻliq transformatsiya qilinadi.
Dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilar koʻrsatkichi 2030-yilga qadar 40 foiz (hozirda 9 foiz)ga yetkaziladi va ushbu taʼlimda tahsil olayotgan oʻquvchilarga stipendiya toʻlash tizimi joriy etiladi. Dual taʼlimni yoʻlga qoʻygan tadbirkorlarga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit ajratiladi.
Hududlarda dual taʼlim qamrovini oshirish hamda texnikumlar faoliyatiga koʻmaklashish maqsadida viloyat hokimliklari raisligida Hududiy tadbirkorlik kengashlari tashkil etildi.
Texnikumlarga tajribali amaliyotchi ustalar keng jalb etiladi hamda ularga bir qator imkoniyatlar yaratiladi. Texnikum direktorlariga amaliyotchi ustalarga har oylik ustamalarni mustaqil belgilash vakolati beriladi. Shuningdek, barcha texnikum direktorlari, pedagog va xodimlarining oylik ish haqlari oʻrtacha 1,5 barobargacha oshiriladi.









