“E voh–2025” o‘zbek tili va adabiyoti olimpiadasi hamda “O‘zbek tili bayrami” festivali bo‘lib o‘tdi
2025-10-20 20:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur tadbir Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, UzReport axborot agentligi, Xalqaro Nordik universiteti hamda hamkor tashkilotlar hamkorligida o‘tkazildi.
Olimpiada o‘zbek tili va adabiyotini chuqur o‘rganish, ilg‘or pedagogik yondashuvlarni targ‘ib qilish va o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan muhim loyiha hisoblanadi. Birinchi bosqichda respublikaning barcha hududlaridan 10 mingdan ortiq o‘qituvchi ishtirok etdi. Ular orasidan saralangan 79 nafar ustoz 19-oktyabr kuni Nordik universiteti bazasida bo‘lib o‘tgan final bosqichida insho yozish va test sinovlarida o‘z bilim va mahoratlarini namoyish etdilar.
Tadbir doirasida til va adabiyotning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy suhbatlar, metodik taqdimotlar hamda madaniy dasturlar tashkil etildi.
Qatnashchilar “Adiblar xiyoboni”ga tashrif buyurib, ijodkorlar bilan suhbat qurdilar. 20-oktyabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Green Hills Resort” maskanida olimpiada g‘oliblarini taqdirlash marosimi va “O‘zbek tili bayrami” festivali bo‘lib o‘tdi.
Unda vazirliklar va idoralar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy elchixonalar, taniqli yozuvchi va shoirlar, hamda jamoatchilik ishtirok etdi.
G‘oliblarni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozaxon Karimova, UzReport agentligi Bosh direktori Ravshanxon Jo‘rayev hamda Nordik universiteti rektori Sherzod Mustafoqulov tabrikladilar.
Faol ishtirokchilar va g‘oliblar diplom, sertifikat, pul mukofotlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Bayramona kechada taniqli ijodkorlar ishtirokida konsert dasturi, she’rxonlik va salyut namoyishi bo‘lib o‘tdi.
“E voh–2025” olimpiadasi nafaqat til va adabiyot bo‘yicha bilimlar bellashuvi, balki ona tilimizning nufuzi va madaniy qudratini yuksaltiruvchi, ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni kuchaytiruvchi muhim maydonga aylandi.









