Turkiy davlatlar tashkiloti bilan hamkorlikda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda
2025-10-16 13:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur nufuzli anjuman O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Turkiy davlatlar tashkiloti, Toshkent xalqaro universiteti hamda O‘zbekiston milliy media birlashmasi hamkorligida tashkil etildi.
Anjuman ochilishida Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev, Turkiy akademiya prezidenti Shahin Mustafayev, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva hamda O‘zbekiston milliy media birlashmasi rahbari Sherzodxon Qudratxo‘ja so‘zga chiqishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Qoraxoniylar davrining turkiy xalqlar madaniyati, ilm-fani va davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rni, shuningdek, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshg‘ariy, Ahmad Yassaviy va Ahmad Yugnakiy kabi buyuk mutafakkirlar merosining bugungi davr uchun ham ahamiyatli ekanini alohida ta’kidladilar.
Konferensiya o‘z ishini besh yo‘nalish — tarix va davlat boshqaruvi, ilm-fan va madaniyat, turkiy islom madaniyati, til va adabiyot, hamda Yusuf Xos Hojib ijodini o‘rganish yo‘nalishlari bo‘yicha sessiyalarda davom ettirmoqda.









