TÜRKÜNİB Assambleyasining ishchi sessiyasida yangi tashabbuslar muhokama qilindi
2025-10-15 15:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Kun tartibiga TÜRKÜNİBga yangi universitetlarni qabul qilish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish, “Orhun” talaba va o‘qituvchi almashinuv dasturini rivojlantirish, shuningdek, ittifoq uchun doimiy kotibiyat hamda maxsus dastur jamg‘armasini tashkil etish masalalari kiritildi.
Shuningdek, Turkiya tomonidan ittifoqni institutsional jihatdan kuchaytirish tashabbuslari, Vengriya tomonidan “Orhun” almashinuv dasturini kengaytirish hamda Turkiy davlatlar tashkiloti huzurida ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalar jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Assambleyada O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan yangi tashabbuslar, jumladan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan taklif etilgan “Turkiy ilm-fan va innovatsiyalar kunlari”ni o‘tkazish masalasi ham alohida muhokama etildi. Mazkur tashabbus turkiy davlatlar o‘rtasida ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Tadbir doirasida, shuningdek, Turkiy akademiya tomonidan “TurkBarometer” ilmiy loyihasining 2024–2025-yillardagi natijalari taqdimoti o‘tkazildi. Loyiha turkiy davlatlar o‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni o‘rganish, mintaqaviy integratsiya jarayonlarini tahlil qilishga qaratilgan.








