“Bo‘lajak yosh muhandislar” olimpiadasi g‘oliblari taqdirlandi va yangi “Padel” korti ochildi
2025-10-14 17:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda institut jamoasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Sport vazirligi mutasaddilari ishtirok etdi.
Olimpiada yoshlarning muhandislik sohasiga qiziqishini oshirish, ularni ilmiy izlanishlarga undash va texnik tafakkurni rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.
Ishtirokchilar fizika, kimyo va matematika fanlari bo‘yicha nazariy hamda amaliy topshiriqlarni bajarib, o‘z bilim va iqtidorlarini namoyon etdilar. Har bir fakultetdan eng faol va bilimli talabalar g‘oliblik uchun bellashdilar.
Fizika va kimyo fanlari bo‘yicha mutlaq g‘oliblarga Damas avtomobillari tantanali ravishda topshirildi. Qolgan g‘oliblar faxriy yorliq, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, tadbir doirasida institut hududida qurilgan zamonaviy “Padel” tennis korti foydalanishga topshirildi. Ochilish marosimida “Rektor kubogi” musobaqasiga ham start berildi.
Tadbir yoshlarning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash, ularni yangi g‘oyalar va innovatsion yondashuvlarga ilhomlantirishga xizmat qildi.









