O‘zbekistonda “InnoWeek–2025” – yilning eng innovatsion tadbiri bo‘lib o‘tdi
2025-10-13 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari

2018-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “InnoWeek” tadbiri asta-sekin dunyoning, xususan Markaziy Osiyoning iqtisodiy, ilmiy va texnologik ishlanmalar maydoniga aylanib bormoqda. O‘tgan yillardagi tajriba shuni ko‘rsatdiki, bu haftalikda taqdim etilgan ayrim ishlanmalar keyinchalik ishlab chiqarishga tatbiq etilgan.
“InnoWeek–2025” tadbiri davomida xalqaro darajadagi 20 ga yaqin forum, konferensiya va seminarlar, mutaxassislar bilan uchrashuv va taqdimotlar o‘tkazildi.
Haftalikning ilk kuni Yoshlar Akademiyasi Assambleyasi o‘tkazildi. Mazkur tadbirda 130 nafardan ortiq Yoshlar Akademiyasi liderlari, “Eng yaxshi muhandis” respublika tanlovi g‘oliblari hamda Yoshlar Akademiyasining faol a’zolari qatnashdilar. Assambleyaning kun tartibida Yoshlar Akademiyasi faoliyatini yanada takomillashtirish, ilg‘or tajribalarni almashish, hududlardagi yoshlar bilan ishlash mexanizmlarini kuchaytirish masalalari hamda tashkilotning kelgusi yillarga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Haftalik davomida “XXI asr ilm-fani va biznesda ayollar: yutuqlar va muammolar” mavzusidagi xalqaro forum ham bo‘lib o‘tdi. Unda xorijlik ayol ekspertlar tomonidan O‘zbekistonda xotin-qizlar tadbirkorligi va ilm-faniga berilayotgan e’tibor haqida iliq fikrlar bildirildi. Shu bilan birga, Yevropadagi Horizon Europe dasturida ayollarga erkaklar bilan teng imkoniyatlar taqdim etilayotgani haqida taqdimotlar qilindi. Ayniqsa, ushbu dasturda o‘zbekistonlik ayol olimalarning faol ishtiroki alohida ta’kidlandi. Ular biotexnologiya, tibbiyot, iqlim o‘zgarishi va raqamli texnologiyalar sohasida xalqaro loyihalarda hamkorlik qilib, mamlakatning ilmiy salohiyatini namoyish etmoqdalar. Bu nafaqat O‘zbekiston ayol olimalarining xalqaro nufuzini oshirish, balki milliy ilm-fan maktablarini global ilmiy hamjamiyatga integratsiya qilishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, “InnoWeek–2025” innovatsion g‘oyalar xalqaro haftaligi doirasida “Startaplarni qo‘llab-quvvatlash ekotizimini rivojlantirish: muammolar va imkoniyatlar” mavzusida yirik plenar sessiyasi, “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” mavzusida panel sessiya, “Innovatsion hududlar va texnoparklar – O‘zbekistonning barqaror rivojlanishi kaliti” mavzusida xalqaro forumi, “O‘zbekiston ilm-fan forumi”, “Germaniya-O‘zbekiston ilmiy tadqiqot hamkorligi: innovatsion sheriklik va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro seminari, “Global innovatsiya indeksi 2025: Milliy taqdimot” mavzusida konferensiya, “Xalqaro ilm-fan kommunikatsiyalari” konferensiyasi, “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni g‘oliblarining e’lon qilinishi, Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan o‘tkazilgan “Raqamli texnologiya yoshlar nigohida” tanlov g‘oliblarining taqdirlash marosimi, “InnoWeek-2025” doirasida tashkil etilgan “InnowomenWeek-2025” ixtirochi xotin-qizlarning innovatsion haftaligi doirasida “Ijodkor ayollar: g‘oyalar, ixtirolar va yutuqlar yo‘lida” mavzusida seminar, “Fan va innovatsiyalar – 2025” xalqaro ilmiy konferensiyasi, Venchur fondlar forumi, “Intellektual mulk obyektlari ilmiy-texnik rivojlanish drayveri” mavzusida xalqaro seminar, “C5+1 formatida Ilmiy hamkorlik strategiyalarini ishlab chiqish” mavzusida xalqaro seminar, “Innovatsiyalarda marketing” forumi hamda “Fan va innovatsiyalar uchun – xalqaro ma’lumotlar bazalari” mavzusida xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda, 7 ming nafarga yaqin mehmonlar tashrif buyurdi.
Shuningdek, xalqaro haftalik davomida jami 19 ta B2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etilib, ularda 38 ta mahalliy va xorijiy kompaniya, tashkilot vakillari, investorlar ishtirok etdi. Uchrashuvlar davomida bir qator memorandumlar ham imzolandi.
“InnoWeek–2025” xalqaro innovatsiyalar haftaligi turli soha vakillari uchun zarur bilimlar, yangi texnologiyalardan xabarlik hamda soha vakillari bilan aloqalarni kuchaytirishga zamin yaratdi.









