Texnikum o‘quvchilari xalqaro kasbiy mahorat chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etdi
2025-10-10 17:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Chempionatda Turkiya, Ozarbayjon, Vengriya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston kabi 8 ta davlatdan 70 nafar yoshlar hamda 90 dan ortiq malakali ekspertlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar muhandislik, axborot texnologiyalari, ishlab chiqarish, robototexnika va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlaridagi 10 ta kasb bo‘yicha bellashdilar.
O‘zbekiston terma jamoasi Farg‘ona, Samarqand va Buxoro viloyatlaridagi 6 ta texnikumdan 7 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha o‘quvchi va ekspertlar bilan ishtirok etdi. Ular veb texnologiyalar, avtomobil texnologiyasi, santexnika va isitish tizimlari, elektromontaj, payvandlash, grafik dizayn hamda oshpazlik yo‘nalishlarida o‘z mahoratlarini namoyon etdilar.
Quvonarlisi Paxtachi tuman 1-son politeхnikum o‘quvchisi Javohir Xoliqulov “Payvandlash” yo‘nalishida faxrli 2-o‘rinni egalladi, Bulung‘ur tuman 1-politexnikumi o‘quvchisi Saidumar Norqo‘ziyev esa “Elektromontaj” yo‘nalishida yuqori natija ko‘rsatib, “Mahorat medali” bilan taqdirlandi.
Bu yutuqlar O‘zbekiston kasbiy ta’lim tizimining raqobatbardoshligini va yosh mutaxassislarning xalqaro maydondagi salohiyatini yaqqol namoyon etdi.
Chempionat yakunida tarixiy voqea ro‘y berdi — “TurkicSkills” estafetasi O‘zbekistonga topshirildi.
Kelasi, 2026-yilda bu nufuzli musobaqa Samarqand shahrida o‘tkaziladi. O‘zbekiston mezbonligida bo‘lib o‘tadigan “TurkicSkills–2026” chempionati turkiy davlatlar yoshlari o‘rtasida do‘stlik, birdamlik va kasbiy mahoratni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.









