O‘zbekiston universitetlari ilk bor Times Higher Education reytingida TOP-600 taligiga kirdi
2025-10-09 10:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Jumladan, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti ilk bor dunyo universitetlari reytingida TOP-600 (501-600) talikdan o‘rin oldi.
Bundan tashqari, quyidagi O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari ham reytingda qayd etildi:
- Toshkent davlat texnika universiteti – 1001-1200 talikda;
- Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti – 1201-1500 talikda;
- Toshkent axborot texnologiyalari universiteti – 1501+ toifada.
Shuningdek, 58 ta OTM reporter (da’vogar) sifatida ro‘yxatga kirdi.
2026-yilgi reytingda 115 ta davlat va hududdan 2 191 ta universitet ishtirok etdi. Ular orasida Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasidan 17 ta universitet bo‘lib, O‘zbekiston ilk bor to‘rtta OTM bilan qayd etildi.
Bu natijalar mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi uchun tarixiy voqea bo‘lib, O‘zbekiston universitetlari ilmiy tadqiqotlar samaradorligi, xalqaro hamkorlik va doktorantura faoliyatini rivojlantirish borasida sezilarli o‘sishga erishganini ko‘rsatadi.
Times Higher Education Global ishlari bo‘yicha direktori Fil Beti qayd etganidek:
“Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi global oliy ta’lim xaritasida yangi markazga aylanmoqda. O‘zbekiston universitetlarining reytingdagi muvaffaqiyatlari mintaqada ilmiy izlanishlar madaniyati va xalqaro raqobatbardoshlikning ortib borayotganini yaqqol ko‘rsatadi.”
Ma’lumot uchun:
Times Higher Education World University Rankings dunyodagi eng nufuzli xalqaro reytinglardan biri bo‘lib, u oliy ta’lim muassasalarining faoliyatini ta’lim sifati, tadqiqot muhiti, ilmiy ta’sir, xalqaro ochiqlik va sanoat bilan hamkorlik kabi 5 asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholaydi.
