“Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi
2025-10-05 17:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Samarqand arxeologiya instituti hamda respublikaning boshqa oliy ta’lim muassasalaridan professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar va soha mutaxassislari ishtirok etdilar.
Konferensiyada buyuk mutafakkir, moturidiylik aqidaviy ta’limoti asoschisi Abu Mansur Moturidiy va uning izdoshlari tomonidan yaratilgan boy ilmiy-ma’naviy merosning bugungi davrdagi ahamiyati haqida ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, alloma dafn etilgan Chokardiza qabristonida amalga oshirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari natijalari haqida ham ma’lumot berildi.
Tadbir davomida so‘nggi yillarda O‘zbekistonda Imom Moturidiy ilmiy merosiga oid tadqiqotlar ko‘lami va sifati ortib borayotgani, bu yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlar xorijlik olimlar e’tiborini ham tortayotgani ta’kidlandi.
Konferensiyada ishtirok etgan Indoneziya va Turkiya olimlari O‘zbekistonda moturidiylik ta’limotiga qaratilayotgan e’tibor va davlat darajasida yaratilayotgan shart-sharoitlarni yuqori baholab, bu yo‘nalishdagi xalqaro ilmiy hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.



