Oʻzbekiston dunyoning eng nufuzli universiteti bilan hamkorlikka start berdi
2025-09-29 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Shu jarayonda mamlakatimizdagi yirik ishlab chiqarish korxonalari, universitetlar va ilmiy markazlar xalqaro nufuzli taʼlim muassasalari bilan strategik sheriklikni yoʻlga qoʻymoqda. Jumladan, Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) delegatsiyasi University of Business and Science (UBS) hamkorligida AQSHning Massachusetts Institute of Texnology (MIT) universitetiga tashrif buyurdi.
Uchrashuvlar doirasida MIT vitse-prezidenti, dunyo tan olgan olim professor Dimitris Bertsimas bilan muzokaralar oʻtkazilib, TMK va MIT oʻrtasida zamonaviy texnologiyalarni oʻqitish boʻyicha hamkorlik shartnomasi imzolandi. Unga koʻra, ilk bosqichda kombinatning 100 nafar muhandis xodimi MITning ilgʻor taʼlim platformasida oʻqish imkoniyatiga ega boʻladi.
Mazkur tashabbus milliy sanoat uchun zarur mutaxassislarni tayyorlash bilan birga oʻzbekistonlik muhandislarni zamonaviy texnologiyalar va xalqaro innovatsion tajribalar bilan tanishtiradi, AQSH taʼlim tizimining ilgʻor standartlarini kadrlar tayyorlash jarayoniga tatbiq etadi hamda sanoatni xalqaro miqyosda raqobatbardosh mutaxassislar bilan taʼminlashga xizmat qiladi.
Maʼlumot uchun, Massachusetts Institute of Texnology (MIT) hozirda QS World University Rankingida dunyoda 1-oʻrinni egallab turibdi.



