HSK imtihonlari endi Toshkentda oʻtkaziladi
2025-09-29 10:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Rektor Gulchehra Rixsiyeva hamda HSK xalqaro xitoy tili imtihoni markazi rahbari Dr. Li Peize tomonidan HSK markazi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Konfutsiy instituti oʻrtasida 3 yoqlama shartnoma imzolandi.
Unga asosan, TDSHU huzuridagi Konfutsiy institutida shu yildan boshlab Xitoy Xalq Respublikasi Taʼlim vazirligi tomonidan tashkil etiladigan, xorijiy fuqarolar va xitoy tili ona tili boʻlmaganlar uchun Xitoy tili darajasini aniqlovchi HSK imtihonlari oʻtkaziladi. Bundan tashqari, mazkur markazda xitoy tili oʻqituvchilarining bilimini baholash uchun testlar tashkil etish masalasi ham taʼkidlandi. Boshqa soha mutaxassislari 2-mutaxassislik sifatida yoki intensiv kursni tamomlaganidan soʻng, ushbu imtihonlarni topshirib, natijalarga koʻra talabgorlar xitoy tili oʻqituvchisi sifatida faoliyat yuritish imkoniyatiga ega boʻlishlari qayd etildi.
HSK sertifikati – bu xalqaro darajada eʼtirof etilgan rasmiy hujjat boʻlib, u Xitoyda oʻqish, stipendiya va grant dasturlariga ariza topshirish, shuningdek ish bozorida raqobatbardoshlikni oshirish imkoniyatini beradi. Xitoy universitetlariga bakalavr, magistr yoki doktoranturaga kirishda HSK natijasi asosiy talablardan biri hisoblanadi. Shuningdek, davlat va xalqaro tashkilotlar taqdim etadigan grant va stipendiyalarga daʼvogarlik qilishda ham HSK muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari, Xitoy kompaniyalari va qoʻshma korxonalarda ishlashda, ayniqsa savdo, turizm, diplomatiya, muhandislik va taʼlim sohalarida ushbu sertifikat malakani tasdiqlovchi muhim koʻrsatkich hisoblanadi.



