Sirdaryoda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha qo‘shma ilmiy laboratoriya tashkil etildi
2025-09-26 17:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Muzokaralarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik siyosiy va iqtisodiy yo‘nalishlar bilan bir qatorda ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida ham izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi. Shuningdek, kelgusidagi innovatsion loyihalar istiqbollari muhokama qilindi.
Kun tartibidagi asosiy masalalardan biri – Shandong Baolai Leelai Bio-Tech Group, Shandong Fanlar akademiyasi Test-analitik markazi hamda Guliston davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va biokimyo ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etilgan Xitoy–O‘zbekiston xalqaro qo‘shma laboratoriyasining faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasi bo‘ldi.
Mazkur laboratoriya oziq-ovqat xavfsizligi, tuproq unumdorligi, biotexnologiya va o‘simliklar seleksiyasi yo‘nalishlarida ilmiy izlanishlarni amalga oshirish hamda agrar sohadagi dolzarb muammolar yechimiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, ushbu xalqaro qo‘shma laboratoriyaning ramziy ochilish marosimi o‘tkazildi.
Marosim doirasida vazir Qo‘g‘irotboy Sharipov Guliston davlat universiteti huzuridagi Agrobiotexnologiyalar va biokimyo ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati bilan tanishdi.
Guliston davlat universitetida xitoy tilini o‘qitishga qiziqish ortib borayotgani inobatga olinib, kelgusi o‘quv yilidan boshlab xitoy tili bo‘yicha bakalavriat yo‘nalishini ochish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Tashrif yakunida O‘zbekiston–Xitoy hamkorligida barpo etilishi rejalashtirilayotgan “Test-analitik tahlil” xalqaro qo‘shma laboratoriyasi loyihasi taqdimoti o‘tkazildi va qurilish ishlari boshlanishi kutilayotgani haqida ma’lumot berildi.






