Vazirning birinchi o‘rinbosari Buxorodagi ta’lim tashkilotlari faoliyatini o‘rgandi
2025-09-23 11:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Safar doirasida dastlab Qorako‘l tumanida joylashgan Acharya universiteti kampusida bo‘lib, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va o‘quv jarayonini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Mazkur oliygoh IT yo‘nalishidagi mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashganligi bilan alohida ahamiyatga ega.
Keyingi manzil Buxoro davlat texnika universiteti bo‘lib, bu yerda Ilg‘or muhandislik maktabi, Registrator ofisi hamda imkoniyati cheklangan va ishsiz xotin-qizlar uchun tashkil etilgan inklyuziv IT markazi faoliyati bilan tanishildi. Ushbu tashabbuslarning ta’lim tizimida qo‘llanilayotgan innovatsion yondashuvlar sifatida ahamiyati qayd etildi.
Shuningdek, Buxoro davlat universitetining Sheyxon mahallasida barpo etilayotgan yangi kampusi qurilish jarayoni ham ko‘zdan kechirildi. Loyihada zamonaviy o‘quv-laboratoriya xonalari, talabalar turar joylari, sport inshootlari hamda keng ko‘lamli yashil hududlarni barpo etish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, Buxoro shahar politexnikumida Angliyaning Pearson kompaniyasi xalqaro dasturi asosida jihozlangan yangi o‘quv binosi hamda Buxoro transport va qurilish texnologiyalari texnikumida Germaniyaning Ausbildung dasturi asosida tashkil etilgan o‘quv-amaliyot xonalari faoliyati bilan tanishildi.
Safar davomida mas’ullar bilan ta’lim sifatini oshirish, xalqaro tajribalarni amaliyotga keng tatbiq etish va talabalarga yaratilayotgan sharoitlarni yanada yaxshilash masalalari yuzasidan fikr almashildi hamda tegishli ko‘rsatmalar berildi.









