Oliy ta’lim tizimi kadrlarining malakasini oshirish bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi
2025-09-18 20:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Konferensiya doirasida oliy ta’limda pedagog kadrlarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, raqamli transformatsiya va ta’lim jarayonini takomillashtirish, inklyuziv ta’lim, xalqaro hamkorlik va tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rahbariyati, Rossiya ta’lim akademiyasi, RUDN universiteti, Belorus, Latviya va boshqa davlatlarning yetakchi universitetlari rahbarlari hamda AQSh, Hindiston, Qozog‘iston, Tojikiston kabi mamlakatlardan kelgan nufuzli olimlar ishtirok etdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston oliygohlarida faoliyat yuritayotgan 41 ming nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar har uch yilda bir marta malaka oshirmoqda. Kurslarda 455 nafar malakali professor-o‘qituvchilar dars beradi, shundan 307 nafari xorijiy mamlakatlarda stajirovka o‘tab qaytgan pedagoglardir.
Joriy yilda malaka oshirish jarayonlariga 282 nafar xorijiy mutaxassis jalb qilingan bo‘lib, ular orasida AQSh (35 nafar), Yevropa (64 nafar), MDH davlatlari (107 nafar) va Osiyo mamlakatlari (76 nafar) vakillari bor. Shuningdek, yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 7 ta qo‘shma malaka oshirish kurslari tashkil etildi. Ushbu kurslarda 160 nafar rahbar va pedagog kadrlar malaka oshirib, Double Certificate (qo‘sh sertifikat)ga ega bo‘ldilar.
Xalqaro konferensiya oliy ta’lim tizimida malaka oshirish jarayonlarini takomillashtirish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish, shuningdek, xorijiy tajribani keng tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etdi.






