Xalqaro ta’lim dasturi joriy etilgan politexnikum faoliyati o‘rganildi
2025-09-18 19:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Tashrif davomida vazirga Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov, viloyat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Abdulahat G‘afforov hamda Uychi tumani hokimi Shuhrat Musayev hamrohlik qildi.
Dastlab vazir ta’mirlash ishlari, o‘quv xonalari hamda o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Politexnikum direktori Akmalsher G‘aniyev ta’lim muassasasining istiqboldagi rejalari yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.
Ma’lumtga ko‘ra, mazkur politexnikumda Angliyaning “Pearson” xalqaro dasturi joriy etilgan. Hozirgi kunda to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha 120 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ushbu dastur asosida ta’lim olgan bitiruvchilarning diplomlari dunyoning 70 dan ortiq davlatlarida e’tirof etiladi. “Pearson” dasturi hozirda jahon bo‘yicha 784 ta markazda amalga oshirilmoqda. Uni 500 dan ziyod oliygoh tan oladi hamda 200 dan ortiq universitetga topshirish imkoniyatini yaratadi.





