Namangan davlat texnika universiteti bitiruvchilarini ish bilan taʼminlashga qaratilgan istiqbolli loyihalari taqdimoti oʻtkazildi
2025-09-17 20:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Markazning asosiy maqsadi – bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash, ularning kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish va mehnat bozorida raqobatbardoshligini taʼminlashdir. Bu yerda milliy vakansiyalar bazasi orqali ishga yoʻnaltirish, 100 ga yaqin startap va tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, 15 ta yoʻnalishda intensiv kurslar tashkil etish hamda xorijiy konsalting kompaniyalari bilan hamkorlikda oʻqish va ishlashga qaratilgan loyihalar amalga oshiriladi. Shuningdek, talabalar kasbiy faoliyat va koʻnikmalarini aniqlash, hamkor korxona va tashkilotlardagi boʻsh ish oʻrinlariga yoʻnaltirilish, “Kelajakka qadam” dasturida ishtirok etish, kasb-hunarga oʻqitilish va qayta tayyorlanish, xorijiy tillar va zamonaviy koʻnikmalarni egallash imkoniyatiga ega.
Markaz hozirda 100 dan ortiq yirik sanoat korxonalari va tashkilotlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, “UzAuto Motors” MCHJ, “Oʻzbekgidroenergo” AJ, “Namangan metallurgiya zavodi”, “Olmaliq KMK” AJ, “Ifoda Agro Kimyo Himoya” MCHJ, Toʻraqoʻrgʻon IES kabi yirik ishlab chiqarish korxonalari shular jumlasidandir. Universitet qoshida tashkil etilgan intensiv kurslar esa talabalarning amaliy koʻnikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Vazir Qoʻngʻirotboy Sharipov Karyera va bandlik markazi yoshlarning bilim va salohiyatini oshirish, ularni zamonaviy mehnat bozori talablariga tayyorlash hamda bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash samaradorligini taʼminlashda muhim oʻrin tutayotganini taʼkidladi. Shu munosabat bilan masʼullarga belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berdi.






