“Yangi O‘zbekiston” universitetining ilk bitiruvchilari diplomlarini oldi
2025-09-16 17:55:00 / Vazirlik yangiliklari

“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida tashkil etilgan tantanali diplom topshirish marosimida Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Hilola Umarova, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rahbariyati, oliy ta’lim tashkilotlari mutasaddilari, xorijiy hamkorlar, universitet jamoasi va bitiruvchilarning yaqinlari ishtirok etdi.
Marosimda Dasturiy ta’minot muhandisligi, Mexanika muhandisligi hamda Kimyo va materialshunoslik muhandisligi yo‘nalishlarida tahsil olgan 129 nafar bitiruvchiga diplom topshirildi.
Shuningdek, eng bilimli top-10 bitiruvchi alohida e’tirof etilib, ularga Prezidentimizning esdalik sovg‘asi – davlat rahbarining surati va imzosi tushirilgan kitob taqdim qilindi.
So‘zga chiqqanlar Universitet qisqa davrda katta yutuqlarga erishgani, uning bir qator tajribalari bugungi kunda mamlakatimizdagi boshqa universitetlarda ham tatbiq etilayotganini alohida ta’kidlashdi.
Bugungi kunda universitetning 96 nafar bitiruvchisi doimiy ish bilan ta’minlangan. Ular Epam Systems, Kiberxavfsizlik markazi, Fan va olimpiadalar markazi, Al-Xorazmiy universiteti, Ucell, MobiUz, Payme, Ipoteka bank, “O‘zsanoatqurilishbank” AJ, “O‘zmilliybank” AJ, “Ipak yo‘li bank” AJ, Biznesni rivojlantirish banki ATB, Korzinka.uz, TBC Bank kabi yirik mahalliy va xalqaro tashkilotlarda faoliyat boshladi.
Mazkur yutuq bitiruvchilar, ularning ota-onalari hamda butun universitet jamoasi uchun katta sharaf bo‘ldi.









