Sirdaryoda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni oliy va kasbiy ta’limga jalb etish masalalari muhokama qilindi
2025-09-12 19:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Yig‘ilishda Yig‘ilishda deputatlar, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, uning Sirdaryo viloyati boshqarmasi, viloyat hokimligi mutasaddilari, Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti xodimlari, Yoshlar parlamenti a’zolari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, viloyatdagi kambag‘al oilalarning bitiruvchi sinfdagi 313 nafar farzandini oliy ta’limga qamrab olish bo‘yicha mas’ul oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga biriktirilgan. Shuningdek, 1 349 nafar yosh ingliz tili, elektron tijorat, SMM va web-dizayn yo‘nalishlarida bepul o‘qitildi.
Bugungi kunda hududda 21 ta kasbiy ta’lim tashkilotida 79 ta kasb va mutaxassislik bo‘yicha 8 783 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Ulardan 208 nafari xorijiy til sertifikatiga ega bo‘lib, 247 nafar yosh xorijiy til kurslariga jalb qilingan. Bundan tashqari, 5 ta yo‘nalishda 411 nafar ishsiz xotin-qizlar qisqa muddatli kasb-hunar va tadbirkorlik kurslarida tahsil olmoqda.
Viloyatdagi 5 ta kasbiy ta’lim tashkiloti tomonidan biriktirilgan 17 ta mahalladan 562 nafar ishsiz aholi ham kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitilmoqda.
Yig‘ilishda oliy va kasbiy ta’limda mavjud muammolar ham muhokama qilinib, ta’lim dasturlarini zamonaviy kasb va ko‘nikmalarga moslashtirish, xorijiy tillarni o‘qitish uchun amaliy muhit yaratish, resurslar bazasini kengaytirish, ta’limni ishlab chiqarish bilan integratsiyalash hamda o‘quv muassasalarini zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash bo‘yicha takliflar bildirildi.


