Rasmiy munosabat
2025-09-12 14:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Talabalarni talabalar turar joyiga joylashtirish jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 376-son qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglament asosida amalga oshiriladi.
2024/2025-o‘quv yilidan boshlab barcha kurs talabalari uchun yotoqxonaga joylashish jarayoni to‘liq onlayn shaklda yo‘lga qo‘yilgan. Talabalar 1-avgustdan boshlab o‘quv yili yakuniga qadar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza topshirishi mumkin.
2025-yil 12-sentyabr holatiga ko‘ra 2025/2026-o‘quv yili 1-bosqichiga tavsiya etilganlardan yotoqxonaga joylashish bo‘yicha jami 63 804 ta ariza kelib tushgan. Shundan 40 265 nafar talaba uchun yo‘llanmalar avtomatik shakllantirilgan. 21 767 nafar talabaning arizasi navbatda turibdi. Shundan 15 796 nafari kunduzgi ta’lim shaklida, 5 450 nafari esa OTM hududida doimiy yashovchi talabalar hisoblanadi.
Maqolada arizalar kechiktirilayotgani haqida aytilgan bo‘lsa-da, aslida jarayon bosqichma-bosqich olib borilmoqda.
Arizalarni ko‘rib chiqish quyidagi tartibda amalga oshirilmoqda:
• Agar yotoqxonada bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lsa, yo‘llanma avtomatik shakllantiriladi.
• Agar bo‘sh o‘rin bo‘lmasa, talaba navbatga qo‘yiladi va bu haqda xabarnoma oladi.
• O‘rin bo‘shagan taqdirda, navbatdagi talaba avtomatik joylashtiriladi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, arizaning “jarayonda” turishi kechiktirish emas, balki reglamentga muvofiq navbat shakllantirilganini bildiradi.
Agar mavjud o‘rinlar darhol barcha ariza topshirganlarga taqsimlab yuborilsa, keyinchalik hujjat topshiradigan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoki imtiyozli toifadagi talabalar (masalan, yetimlar, “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilganlar, nogironligi bo‘lgan talabalar va boshqalar) turar joysiz qolib ketishi mumkin. Shu bois o‘rinlar bosqichma-bosqich taqsimlanadi va avvalo ehtiyojmand talabalar uchun ustuvorlik beriladi.
Shuningdek, ariza topshirganlar orasida sirtqi, kechki va masofaviy ta’limda o‘qiydigan talabalar ham bor. Ammo ma’muriy reglamentga ko‘ra, avvalo kunduzgi ta’limdagi talabalar turar joy bilan ta’minlanishi kerak. Aks holda, barcha arizalar bo‘yicha o‘rinlar darhol taqsimlab yuborilsa, kunduzgi ta’lim talabalarining ehtiyoji qondirilmay qolishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, yotoqxona taqsimoti va arizalarning ko‘rib chiqilishi ortiqcha kechiktirish emas, balki talabalar, xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar manfaatlarini ustuvor hisobga olgan holda qonunchilik asosida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan jarayondir.
Ma’lumot uchun aytish lozimki, Hukumatning 2021-yil 24-sentabrdagi 605-sonli qaroriga muvofiq, yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga (yoki ota-onasiga, qonuniy vakiliga) tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining 60 foiziga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi Davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.
Ijara to‘lovining qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (hozirda 412 ming so‘m), boshqa hududlarda esa yarim baravari (hozirda 206 ming so‘m)ni tashkil etadi.
Shu sababli talabalar turar joyga joylashtirish va ijara xarajatlarini qoplash masalalari qonunchilikda belgilangan tartib va imtiyozlarga muvofiq amalga oshirilmoqda.
