Shahidlar xotirasi maydonida talabalar va oʻquvchilar ishtirokida qatagʻon qurbonlari xotirasi yuksak ehtirom bilan yod etildi
2025-09-06 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Otabek Mahkamov, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosari Farhod Boqiyev, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari Botu Alimov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori va “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi raisi Baxtiyor Xasanov soʻzga chiqdilar. Shuningdek, ustozlar, talabalar hamda maktab oʻquvchilari ham tadbirda faol ishtirok etdilar.
Oʻz nutqlarida maʼruzachilar siyosiy qatagʻon yillari qurbon boʻlgan yurtdoshlarimizning jasorati, ularning milliy ozodlik va mustaqillik yoʻlidagi fidoyiligini yodga olib, bu tarixiy haqiqatni avloddan-avlodga yetkazish muhim vazifa ekanini taʼkidladilar.
Xususan, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Otabek Mahkamov oʻz nutqida mustaqillikning 34 yillik bayrami va yangi oʻquv yili munosabati bilan ishtirokchilarni tabriklab, qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish – har bir avlodning muqaddas burchi ekanini alohida qayd etdi.
“Qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, ularning jasorati va ibratli hayotidan oʻrnak olish – har birimiz uchun ham farz, ham qarzdir. Bugungi tinch va obod kunlar qadriga yetish, qurbon boʻlgan yurtdoshlarimiz ruhini shod etish bizning muqaddas burchimizdir”, – dedi O.Mahkamov.
Tadbir doirasida ishtirokchilar Qatagʻon qurbonlari muzeyi ekspozitsiyalari bilan tanishdilar









