“TalabaExpo-2025”: Bitiruvchilar 917 ta bo‘sh ish o‘rinlariga tavsiya etildi
2025-08-28 18:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur tadbir “Kelajakka qadam” dasturi hamda “Dolzarb 90 kun” tashabbusi doirasida o‘tkazilib, unda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining qariyb 6 ming nafarga yaqin bitiruvchi talaba ishtirok etdi. 130 dan ortiq ish beruvchi korxona tomonidan 917 ta bo‘sh ish o‘rinlariga bituvchilar tavsiya etildi.
Tadbirning ochilish marosimi
Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Akmal Savurbayev, Jizzax politexnika instituti rektori Alisher Usmonqulov hamda “O‘zmilliybank” AJ “Kelajakka qadam” markazi direktori Elmurod Xoshimov so‘zga chiqdilar. Ular mamlakatimizda yoshlarga keng imkoniyatlar yaratish, bandlikni ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda bu borada olib borilayotgan davlat siyosati haqida to‘xtalib o‘tdilar.
Ta’kidlandiki, bunday ko‘rgazmalar yoshlarning mustaqil hayotga qadam qo‘yishida, ularga kelajakka ishonch bag‘ishlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
BYD avtomobil zavodi faoliyati bilan tanishuv
Tadbir doirasida bitiruvchi talabalar BYD avtomobil zavodi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ularga zavodning ishlab chiqarish jarayonlari, ilg‘or texnologiyalar asosida avtomobil yig‘ilishi, ichki boshqaruv tizimi hamda xavfsizlik standartlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, korxonada yosh mutaxassislar uchun yaratilgan sharoitlar, kadrlar siyosati, malaka oshirish va qo‘llab-quvvatlash dasturlari talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Amaliy seminar va mahorat darslari
Kunning ikkinchi yarmida bitiruvchi talabalar uchun ishga joylashish tartibi, kasbiy rivojlanish, shaxsiy brendni shakllantirish, yumshoq ko‘nikmalar (soft skills) hamda professional tarmoqlarga qo‘shilish mavzularida amaliy seminarlar tashkil etildi.
Seminarda yoshlarga bank tomonidan taklif etilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari, o‘z biznesini boshlash istagidagi yoshlar uchun imtiyozli kreditlar, moliyaviy maslahat va amaliy ko‘mak choralari haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Tadbirkorlik g‘oyalari taqdimoti
Ko‘rgazma davomida 42 nafar bitiruvchi talaba o‘z biznes loyihalari taqdimotini namoyish etdi. Eng istiqbolli va innovatsion g‘oyalar tanlab olinib, ularni amaliyotga tatbiq etish uchun imtiyozli kreditlar ajratildi. Bu esa yoshlarni tadbirkorlikka keng yo‘naltirishga xizmat qildi.
Yetakchi korxonalar asosvhilari bilan uchrashuv
Shu bilan birga, viloyatdagi yetakchi korxonalar rahbarlari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda “Nurli Tulqin” MCHJ, “BEST SCHOOL”, “Euraziya Motors” MCHJ kabi korxona asoschilari ishtirok etib, o‘zlarining boy tajribasi, muvaffaqiyatli biznes yuritish sir-asrorlari va yoshlarga zarur maslahatlarini berdilar.









