Jizzaxda “TalabaExpo – 2025” kasb ko‘rgazmasi boshlandi
2025-08-28 10:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur tadbir Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “O‘zmilliybank” AJ, Savdo-sanoat palatasi, Jizzax viloyati hokimligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbir davomida bitiruvchi yoshlar “Kelajakka qadam” kasb yarmarkasi bilan yaqindan tanishish, turli soha va yo‘nalishlarga oid pavilyonlarda taqdim etilgan imkoniyatlar bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘ldilar. Bu yerda bitiruvchi yoshlar uchun ish o‘rinlari, amaliyot dasturlari, startap g‘oyalari hamda tadbirkorlik loyihalari bo‘yicha keng ko‘lamli ma’lumotlar berildi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan davlat siyosati va islohotlar haqida alohida to‘xtalib o‘tishdi. Ta’kidlandiki, bunday ko‘rgazmalar yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash, ularga kelajakka ishonch bag‘ishlashda muhim o‘rin tutadi.
“TalabaExpo – 2025” Jizzax shahridagi universitet binosining asosiy sahnasida o‘tkazilayotgani ham ushbu anjuman ahamiyatini yanada oshirib, uni yoshlar hayotidagi katta voqea sifatida ko‘rsatmoqda.
Darhaqiqat, bandlik – bugunning eng dolzarb masalalaridan biri. Bitiruvchilarni mehnat bozoriga to‘g‘ri yo‘naltirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish orqali nafaqat yoshlarning kelajagi, balki mamlakat ravnaqi ham ta’minlanadi. Shu ma’noda, “TalabaExpo – 2025” oddiy kasb ko‘rgazmasidan ko‘ra kengroq mazmunga ega bo‘lib, u yoshlarga ishonch, g‘ayrat va imkoniyatlar maydoni sifatida katta ahamiyat kasb etmoqda.









