Amerika universitetlari bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2025-08-27 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev delegatsiya a’zolarini qabul qildi. Uchrashuvda Arizona davlat universitetining Global akademik tashabbuslar bo‘yicha vitse-prezidenti doktor Juliya Rouzen, shuningdek Toshkent shahridagi ATU rahbariyati ishtirok etdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ta’lim tizimini xalqaro standartlarga integratsiya qilish borasidagi ustuvor yo‘nalishlar haqida ma’lumot berildi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek startap va innovatsion loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Ma’lumot uchun, hozirda Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan Amerika texnologiyalar universiteti Arizona davlat universitetining qator ta’lim dasturlarini O‘zbekiston yoshlari uchun taklif etmoqda. Ushbu uchrashuv ikki oliy ta’lim muassasasi va Vazirlik o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.



