Xususiy ta’lim sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, sohaga innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi
2025-08-21 17:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Unda deputatlar, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev boshchiligidagi vazirlik mutasaddilari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillari, olimlar hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari rahbarlari, Parlament tadqiqotlari instituti xodimlari hamda Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirok etdi.
Konferensiyada xususiy ta’lim sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, sohaga innovatsion yondashuvlarni joriy etish va uning istiqbollariga qaratilgan ma’ruzalar tinglandi.
Jumladan, vazirning birinchi o‘rinbosari Sh.Daliyev o‘z nutqida ta’lim tizimida davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, bu borada oliy va kasbiy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi.
Shuningdek, professional ta’limni xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, 2030-yilgacha bitiruvchilarni oliy ta’lim bilan qamrovini 50 foizga yetkazish uchun barcha choralarni ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.
Konferensiyada xususiy ta’lim muassasalarini tashkil etish va faoliyat yuritish jarayonlarini tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish, xususiy ta’limga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini integratsiya qilish, ta’lim sifatini oshirish va xalqaro standartlarga moslashtirish, xususiy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish uchun qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yaratish borasida takliflar ilgari surildi.
Konferensiya xususiy ta’limning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatini oshirish, ta’lim sifatini ko‘tarish va bu sohada yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan dolzarb masalalarni yechishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.







