Yangi tayinlangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri jamoaga tanishtirildi
2025-08-15 09:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qo‘mita raisi Murat Atamuratov, Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari Bayrambay Otemuratov, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, oliy va kasbiy ta’lim muassasalari rektorlari hamda direktorlar ishtirok etdi.
Vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlashga oid yig‘ilishda belgilangan topshiriqlar ijrosining ahamiyatiga to‘xtaldi. Ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar natijalari tahlil qilinib, hududda bitiruvchilar bandligini taʼminlash koʻrsatkichi ancha past ekani qayd etildi.
Bandligi taʼminlanmagan bitiruvchilarning koʻp qismi axborot xavfsizligi va texnologiyalari, kompyuter injinering, buxgalteriya hisobi va audit yoʻnalishlari talabalari hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Bu borada ish beruvchilar, ishlab chiqarish korxonalari hamda ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha shtab tashkil etilishi rejalashtirilgani qayd etildi.
Biroq bu yoʻnalishlarda imkoniyatlar koʻp ekani, xususan, Nukus shahridagi IT park, Yoshlar texnoparklari tashkil qilingan, “Kelajakka qadam” dasturlari kabi imkoniyatlardan foydalanish zarurligi aytildi.
Mas’ullarga bandligi taʼminlanmagan bitiruvchilarni ishga joylashtirish boʻyicha harakatlar rejasini ishlab chiqish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha shtab tashkil etish borasida topshiriqlar belgilab berildi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Unga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri lavozimiga Amanjol Ayapov tayinlangani e’lon qilinib, u rasmiy ravishda jamoaga tanishtirildi.
Yakunda ish beruvchi korxonalar, tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, oliy hamda kasbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikda amalga oshiriladigan aniq chora-tadbirlar belgilab berildi.






