So‘ragan edingiz
2025-08-11 14:20:00 / Vazirlik yangiliklari

2024-yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan himoyada B2 sertifikati bo‘lmagan talabalar yozgi himoyaga qoldirildi. Ikki marta imtihon topshirib, B1 darajani oldim. Biroq yozgi himoyada ham ishtirok etishimizga ruxsat berilmadi. Men bilan birga 10–15 nafar talabada ham B1 darajali sertifikat mavjud.
2024-yil 24-maydagi Prezident Farmoniga asosan, bizning sohamizda magistratura va doktoranturaga B1 sertifikat bilan qabul qilish joriy etildi. Shunga qaramay, bizdan B2 talab qilinmoqda va 2026-yilda himoya qilishimiz aytilmoqda.
Prezidentning 2024-yildagi yangi hujjatiga ko‘ra B1 sertifikatimiz bilan shu yili himoyaga ruxsat berish imkoni bormi?
Javob:
Yoʻq. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish toʻgʻrisida” 2022-yil 15-iyundagi PQ-279-son qaroriga muvofiq, 2022/2023-oʻquv yilidan boshlab davlat oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga qabul abituriyentning bakalavriat diplom bali oʻrtacha koʻrsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi boʻyicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat asosida, ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilgan holda amalga oshirilishi hamda qoʻshimcha imtihon oʻtkazilmasligi belgilangan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish boʻyicha Davlat komissiyasi majlisining 2023-yil 14-fevraldagi 13-son bayoniga muvofiq 2022/2023-oʻquv yili qishdagi qabulida xorijiy tilni bilish darajasidan qatʼiy nazar milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega talabgorlar davlat yakuniy attestatsiyasiga qadar mavjud talab darajasidagi sertifikatni taqdim etish sharti bilan istisno tariqasida magistratura mutaxassisliklariga tanlovlarda ishtirok etishiga ruxsat berilgan.
Shu bilan birga, mazkur bayonning 4-bandida:
magistraturaga oʻqishga qabul qilingan talabalar oʻqish davomida belgilangan talab boʻyicha milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat olmagan taqdirda, ular yakuniy davlat attestatsiyasiga kiritilmasligi va ularga magistraturani tamomlaganlik toʻgʻrisida diplom berilmasligi;
ushbu toifadagi talabalarga belgilangan talab boʻyicha milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatni olganidan soʻng yakuniy davlat attestatsiyasi tashkil etilishi va attestatsiya talablari toʻliq bajarilgan taqdirda, natijalari boʻyicha belgilangan tartibda oliy maʼlumot toʻgʻrisida diplom berilishi qayd etilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2024-yil 24-maydagi PF-81-son Farmoni 4-bandida:
gumanitar, biologik va turdosh fanlar, matematika va statistika, biznes va boshqaruv, huquq, xizmat koʻrsatish, ijtimoiy va xulq-atvorga mansub fanlar, jurnalistika va axborot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari taʼlim sohalari boʻyicha — kamida B2 darajasida;
boshqa taʼlim sohalari hamda madaniyat va sport mutaxassisliklari (ixtisosliklari) boʻyicha — kamida B1 darajasida xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar talab etilishi qayd etilgan.
Ushbu tartib 2024/2025-oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim ixtisosliklariga hujjat topshirishda amal qilishi belgilangan.
Yuqoridagilarga asosan 2022/2023-oʻquv yili qishdagi qabulida magistratura mutaxassisliklariga xorijiy tilni bilish darajasidan qatʼiy nazar qabul qilingan talabalar filologiya yoʻnalishlari boʻyicha kamida C1 darajadagi, nofilologik yoʻnalishlar boʻyicha esa B2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat taqdim etilishi talabi qoʻyilgan.
Shu bilan birga, yuqorida qayd etilgan tartiblarga o‘zgartirish, qo‘shimcha yoki istisno kiritish bo‘yicha takliflar rejalashtirilmagan.
