Namanganda o‘tkazilgan “TalabaExpo – 2025” kasb ko‘rgazmasida 900 nafardan ortiq talaba uchun ish o‘rni aniq bo‘ldi
2025-08-07 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari
2025-yil 7-avgust kuni, Namangan shahrida oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchi talabalari uchun yirik ko‘lamdagi “TalabaExpo – 2025” kasb ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

“Barkamol avlod” sport majmuasida tashkil etilgan ushbu tadbir “Kelajakka qadam” dasturi va “Dolzarb 90 kun” tashabbusi doirasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “Oʻzmilliybank” AJ, Savdo-sanoat palatasi, Namangan viloyati hokimligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamkorligida o‘tkazildi.
Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi — bitiruvchilarning ishga joylashishiga ko‘maklashish, ularning kasbiy yo‘lini belgilash hamda biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Yarmarka doirasida 240 ta yirik ish beruvchi va tijorat banklari tomonidan 1 500 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etildi.
Tadbirda viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari va texnikumlar bitiruvchilarining 8 667 nafari ishtirok etdi. Ulardan 2 253 nafari ish beruvchilar bilan bevosita suhbatda bo‘lib, 914 nafar talaba aniq ish o‘rni topishga muvaffaq bo‘ldi.
Shuningdek, biznes g‘oyalarini taqdim etgan talabalarning 68 nafari tadbirkorlikka yo‘naltirildi.
Mazkur loyiha doirasidagi tadbirlar mamlakatimizning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Bizni kuzating
Facebook | Instagram | YouTube | Telegram









