Oliy taʼlim muassasalarida ichki moliyaviy nazorat tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi tashabbuslar koʻrib chiqildi
2025-08-02 10:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Yigʻilishda tizim tashkilotlari faoliyatida aniqlanayotgan qonunbuzilish holatlarining ildiz sabablari, ularga imkoniyat yaratayotgan omillar va bu kabi muammolarni joyida bartaraf etish, kelgusida ularning oldini olish boʻyicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi. Shu bilan birga, sohani raqamlashtirish, mavjud elektron platformalarni takomillashtirish hamda xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribalaridan samarali foydalanish yuzasidan takliflar bildirildi. Yigʻilishda ushbu yoʻnalish uchun masʼul xodimlar tomonidan olib borilgan tahlillar va monitoring natijalari yuzasidan axborot berildi. Jumladan, nazorat obyekti boʻlgan tashkilotlarda moliyaviy audit bilan birga, ularning strategik maqsadlariga erishish boʻyicha vazifalarining ijrosi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan taʼlim sohasida qabul qilingan Farmon va Qarorlarning amaliy ijrosi boʻyicha quyi boʻgʻindagi holat keng yoritildi. Taqdimot yakunida vazir Qoʻngʻirotboy Sharipov tomonidan sohada ichki nazorat samaradorligini yanada oshirish, xizmat sifatini yaxshilash, raqamli yechimlarni joriy etish, shuningdek, xalqaro tajriba va standartlar asosida ichki audit tizimini yangilash boʻyicha aniq tashabbuslar ilgari surildi. Yigʻilish yakunida har bir masʼulga belgilangan vazifalarni belgilangan muddatlarda amalga oshirish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.



