Oliy ta’limni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish: dual ta’lim va kasbiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2025-07-28 17:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuv chog‘ida o‘quv markazida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan “Moliyaviy savodxonlik” va “Byudjet savodxonligi” haftaliklari doirasida oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun tashkil etilgan sayyor darslar, seminar-treninglar, amaliyotchi mutaxassislar bilan o‘tkazilgan davra suhbatlari hamda boshqa tadbirlar muhokama qilindi.
Ta’lim jarayonini amaliyot bilan chambarchas bog‘lash, talabalarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan boyitish, mutaxassislarni zamon talablariga mos ravishda tayyorlash masalalari muhokamalar markazida bo‘ldi.
Tadbirda vazir Q. Sharipov, o‘quv markazi direktori I. Xamidova, direktor o‘rinbosari Sh. Xaydarov hamda markaz professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. Tomonlar ijtimoiy soha, iqtisodiyot va moliya yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun maqsadli o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, dual ta’lim tizimini joriy etish hamda ilm-fan sohasidagi hamkorlikni kengaytirish yuzasidan kelishib oldilar.
Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktyabrdagi PF–5847-son Farmoni bilan tasdiqlangan "O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi"da ta’limni amaliy yo‘nalishga o‘tkazish, xalqaro standartlar va ilg‘or tajribalar asosida kadrlar tayyorlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Zamonaviy ta’lim shakllari va uslublarini amaliyot bilan integratsiya qilish orqali mehnat bozorida raqobatbardosh, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘sha oladigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan hamkorlik alohida ahamiyat kasb etadi.



