O‘zMU rektori “Ulug‘bek” jamg‘armasida ma’ruza qildi
2024-02-28 19:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Unda Toshkent shahrida joylashgan oliy ta’lim muassasalarining prorektorlari, bo‘lim boshliqlari, professor-o‘qituvchilari, doktorant hamda magistrlar ishtirok etdi.
O‘zMU rektori o‘z ma’ruzasida so‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar, islohotlar samarasi, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan topshiriqlar ijrosi, shuningdek, ta’lim sifatiga erishish bilan bir qatorda, oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, jamiyatning ijtimoiy hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish zarurati haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida oliy ta’lim tizimini takomillashtirishga asos bo‘la oladigan o‘zgarishlar amalga oshganini qayd etib, bu vaqtda mazkur tizimning tashkiliy, tuzilmaviy va huquqiy asoslari yangilangani, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi, akademik mustaqillik, oliy o‘quv yurtlarining huquqiy-tashkiliy turlari dunyo tajribasiga muvofiqlashib rivojlanib borayotganini ta’kidlab o‘tdi.
So‘ng O‘zMU Uslubiy ta’minlash va ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha prorektor, professor Ravshan Musurmanov ham “Iqtidorli maktab o‘quvchilari bilan ishlash va maktablarga uslubiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish” mavzusida ma’ruza qildi.
Ma’ruzalardan so‘ng, tadbir ishtirokchilari bilan ochiq muloqot tashkil etilib, o‘zaro fikr almashildi. Turli oliy ta’lim muassasalari mas’ullari, yosh olimlar savol va takliflarini bildirib, batafsil javob olishdi.






