“Kelajakka qadam”: bitiruvchilar taqdiri – davlat eʼtiborida
2025-07-05 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Yigʻilishda Oʻzbekiston Prezidentining topshiriqlariga muvofiq, bitiruvchilarning mehnat bozorida oʻz oʻrnini topishi, “Kelajakka qadam” dasturining toʻliq va samarali ijrosi masalalari muhokama etildi. Vazir Q.Sharipov oʻz nutqida bu yoʻnalishdagi vazifalar milliy ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladi.
“Bitiruvchilarning bandligini taʼminlash – bugungi kundagi hayot-mamot masalasi. Har bir talabaning taqdiri – oliygoh rektorining, hududiy boshqarmaning shaxsiy masʼuliyatidir”, – deya vazir qayd etdi.
Yigʻilishda “Oʻzmilliybank” AJ, Bandlik vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ishlari agentligi va Iqtisodiyot hamda moliya vazirligi mutasaddilari ishtirok etib, faol hamkorlik va hamohanglik zarurligi alohida koʻrsatib oʻtildi.
"Kelajakka qadam" dasturi orqali amalga oshirilayotgan ishlar natijasida 40 ta oliygohda markazlar tashkil etildi, 2 mingdan ziyod bitiruvchiga imtiyozli kreditlar ajratildi, yuzlab yangi ish oʻrinlari yaratildi, koʻrgazmalarda minglab talaba va ish beruvchilar qatnashdi. Ammo ayrim hududlarda dastur formal koʻrinishda qolayotgani, markazlar faoliyati faol emasligi, aniq masʼullar tayinlanmagani tanqid qilindi.
Vazir yigʻilish davomida muammolarga befarq qolmasdan, mavjud vaziyatni isloh etish va tizimni yanada samarali yoʻlga qoʻyish maqsadida aniq va taʼsirli chora-tadbirlarni belgilab berdi. Xususan, endilikda har bir oliy taʼlim muassasasida bitiruvchilar bilan bogʻliq masalalar uchun masʼul shaxs – kamida prorektor darajasidagi rahbar tayinlanadi. Shu bilan birga, bitiruvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar my.mehnat.uz elektron platformasi orqali real vaqtda kuzatilib, ularning bandligi doimiy monitoring ostida boʻladi.
Bundan tashqari, barcha oliygohlarda “Kichik biznes va tadbirkorlik” fani joriy etilishi, talabalar uchun ish yarmarkalari, biznes muhitini targʻib etuvchi marafonlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ishsiz bitiruvchilar esa manzilli tarzda mavjud boʻsh ish oʻrinlariga yoʻnaltiriladi. Barcha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan har oyda hisobot yigʻilishlari oʻtkazilib, olingan natijalarga qarab masʼul rahbarlar ragʻbatlantiriladi yoki tegishli intizomiy choralar koʻriladi.









