Iqtisodiy oʻqish seminari tashkil etildi
2025-06-28 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Oʻqish mavzusi – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida 2025-yil 16-yanvar kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida investitsiyalarni jalb qilish va eksport hajmini oshirish boʻyicha berilgan topshiriqlar ijrosiga bagʻishlandi.
Seminarga oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Shohrux Daliyev raislik qildi. U oʻz nutqida taʼlim tashkilotlarida xorijiy investitsiyalar va xalqaro grantlarni jalb qilish, ularni oʻzlashtirish, taʼlim xizmatlari eksportini kengaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va kelgusidagi ustuvor vazifalarni atroflicha tahlil etdi.
Taʼkidlanganidek, ayrim oliygohlar investitsiya va grantlar masalasiga yetarlicha eʼtibor qaratmayotgani, rejalarning ijrosi past darajada qolayotgani tanqidiy tahlil qilindi. Prezident tomonidan belgilab berilgan 100 million dollarlik taʼlim xizmatlari eksporti koʻrsatkichiga yetish uchun har bir oliy taʼlim muassasasi shaxsiy masʼuliyatni oshirishi zarurligi alohida qayd etildi.
Seminar davomida turli oly taʼlim tashkilotlari rahbarlari – Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Samarqand davlat tibbiyot universiteti, Urganch davlat universiteti va boshqalarning bu boradagi tajriba va fikrlari ham eshitildi.
Ishtirokchilarga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va statistik hisobotlarda rasmiy qayd etishning huquqiy va amaliy jihatlari yuzasidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mutaxassislari tomonidan aniq tavsiyalar berildi.
Seminar yakunida barcha ishtirokchilarga loyihalarni amalga oshirish boʻyicha aniq vazifalar yuklanadi, doimiy monitoring va shaxsiy javobgarlik belgilandi. Oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlariga har bir loyiha bo‘yicha alohida belgilangan grafik asosida puxta tayyorgarlik ko‘rib, chuqur tahlil va asosli dalillar bilan himoya qilish vazifasi yuklatildi.









