Eng innovatsion va istiqbolli deya topilgan loyihalar mualliflariga imtiyozli kreditlar ajratildi
2025-06-20 12:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur tadbir doirasida “O‘zmilliybank” ATB Samarqand viloyat boshqarmasi hamda “Kelajakka qadam” markazi mas’ullari tomonidan bitiruvchi talaba-yoshlar uchun mavjud ish o‘rinlari, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari va moliya sohasi bilan bog‘liq dasturlar yuzasidan keng qamrovli taqdimotlar o‘tkazildi.
Taqdimotlarda yoshlarga ishga joylashish tartibi, bank tomonidan taklif etilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari, shuningdek, o‘z biznesini boshlash istagida bo‘lganlar uchun mavjud imtiyozli kreditlar, moliyaviy maslahat xizmatlari va boshqa amaliy ko‘mak choralari haqida batafsil ma’lumot berildi.
So‘ng, “PALMA SAMARQAND”, “LA ESMERALDA UZ” va “YUKSALISH GROUP” kabi yetakchi kompaniyalar asoschilari o‘zlarining biznesdagi tajribalari, muvaffaqiyat yo‘llari va shaxsiy hayotiy saboqlari bilan talabalar bilan o‘rtoqlashdilar.
Seminar davomida talabalar nafaqat o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi, balki tadbirkorlik sir-sinoatlari, bozordagi real muammolar, muvaffaqiyat omillari hamda shaxsiy brendni shakllantirishning amaliy jihatlari haqida ham muhim bilimlarga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, tadbir doirasida tadbirkorlik g‘oyasi va loyihalariga ega bitiruvchi talabalar o‘z startap tashabbuslarini keng jamoatchilik va mutaxassislarga namoyish etdilar. Ular orasidan eng innovatsion va istiqbolli deya topilgan loyihalar mualliflariga ularni yanada rivojlantirish va amaliyotga tatbiq etish maqsadida imtiyozli kreditlar ajratildi.









