Qarshi shahrida zamonaviy Yoshlar texnoparki ish boshladi
2025-06-19 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabboyev, Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Adham Xudoyqulov shuningdek, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Texnopark bir vaqtning o‘zida 400 nafar yoshlarni qamrab olish imkoniyatiga ega. Bu yerda “Web-dasturlash”, “Robototexnika”, “3D modellashtirish”, Elektronika, Video montaj, Grafik dizayn, Autocad kabi 7 turdagi zamonaviy oʻquv kurslari doimiy faoliyat yuritadi.
Shuningdek, “FabLab” tajriba-konstruktorlik laboratoriyasi va “Startap coworking” zonasi zamonaviy uskunalar bilan jihozlanib, yoshlarning amaliy ishlanmalari uchun imkoniyat yaratmoqda.
Yaqin istiqbolda texnoparkda “InnoX” biznes-inkubator va akselerator dasturi ishga tushiriladi. Dastur yosh tadqiqotchilar g‘oyalarini biznes-modelga aylantirish, ularni tijoratlashtirish va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, geologiya, robototexnika, mexatronika, sun’iy intellekt, qishloq xoʻjaligi, dasturlash va raqamlashtirish yoʻnalishlarida loyihalarni amalga oshirish hamda 20 dan ortiq xizmat turlarini joriy etish rejalashtirilgan.









