O‘zbekiston–Germaniya hamkorligida “DEMO HOUSE” laboratoriyasi ishga tushirildi
2025-06-17 17:45:00 / Vazirlik yangiliklari

Marosimda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Otabek Mahkamov, universitet rektori Bahodir Mirzayev, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi O‘zbekiston ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Abdushukr Xamzayev, Toshkent arxitektura va qurilish universiteti prorektori Rustamxon Xo‘jayev, Ebersvalde Barqaror rivojlantirish universiteti va boshqa xalqaro hamkorlar ishtirok etib, o‘z tabrik so‘zlarini bildirishdi.
Tadbirda shuningdek, Germaniya, Xitoy, Vengriya, Qozog‘iston, Yaponiya va Turkiya kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan 10 dan ortiq xorijiy mutaxassis va rasmiy mehmonlar ham qatnashdi.
“DEMO HOUSE” laboratoriyasi energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanadigan agroo‘rmonchilik xom ashyolaridan foydalanish, kam uglerodli qurilish materiallarini ishlab chiqish hamda yashil texnologiyalarni amaliyotga joriy etish yo‘nalishlarida faoliyat olib boradi. Jumladan, terak yog‘ochi, somon, tuproq va qishloq xo‘jaligi chiqindilari asosida ekologik toza qurilish materiallarini yaratish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Mazkur laboratoriya nafaqat ilmiy tadqiqot markazi, balki zamonaviy o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va ularni Markaziy Osiyo miqyosida tatbiq etishga xizmat qiladigan o‘quv-innovatsion maydon sifatida ham faoliyat yuritadi.
“DEMO HOUSE” laboratoriyasi — O‘zbekistonning barqaror rivojlanish, ekologik muvozanat va ilmiy-innovatsion yondashuvlar asosida yashil iqtisodiyot sari intilayotganini amalda aks ettiruvchi navbatdagi muhim qadamlardan biridir.









