O‘zbekiston va Indoneziya hamkorligida tashkil etilgan ilk qo‘shma malaka oshirish kursi ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi
2025-06-13 11:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, Oliy ta’lim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti direktori Uzoqboy Begimqulov, universitet rektori Ilhomjon To‘xtasinov, Gunadarma universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i I Made Wiryana, Til va madaniyat fakulteti dekani Dr. Ichwan Suyudi (onlayn), shuningdek, tarmoq markazi direktori Jamila Abdug‘aniyeva ishtirok etdi.
Malaka oshirish dasturi 2025-yil 26-mart kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Gunadarma universiteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi asosida amalga oshirildi.
Kursda 13 nafar o‘zbekistonlik professor-o‘qituvchi ishtirok etdi. Ular Jakarta va Bali orollarida sun’iy intellektni ta’limga integratsiyalash, raqamli texnologiyalar, hamkorlikda o‘qitish kabi mavzular bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Kurs O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida pedagog kadrlarning kasbiy salohiyatini oshirish va xalqaro ta’lim tajribalarini amaliyotga tatbiq etish yo‘lida muhim qadam sifatida baholandi.
Ma’lumot uchun, ushbu qo‘shma kurs O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-iyuldagi 415-sonli qaroriga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish va xorijiy tajribani o‘zlashtirishga qaratilgan.









