Yoshlar uchun yoz – imkoniyatlar mavsumi
2025-06-13 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov Mirobod tumanidagi 110-maktabda “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Mirobod tumanida hozirda 6 ta umumtaʼlim maktabi qoshida kunduzgi oromgohlar va 12 ta maktabda yozgi sogʻlomlashtirish maydonchalari faoliyat yuritmoqda. Oromgohlarda 2400 nafardan ziyod oʻquvchi qamrab olingan. Ularda yoshlarning yozgi taʼtil paytidagi vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, bilim va koʻnikmalarini boyitish maqsadida Toshkent davlat transport universiteti hamda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti tomonidan tashkil etilgan xorijiy tillar boʻyicha toʻgaraklar faoliyat koʻrsatmoqda.
Yozgi sogʻlomlashtirish maydonchalari 2025-yil 1-iyundan 31-avgustgacha “Dolzarb 90 kun” loyihasi asosida faoliyat yuritadi. Ularda madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari, kitobxonlikni ragʻbatlantirish hamda oʻquvchi-qizlarni ijtimoiy faol hayotga jalb etishga qaratilgan 5 muhim tashabbus doirasida turli tadbir va musobaqalar oʻtkazib kelinmoqda.
Yoshlarning qiziqishlarini inobatga olgan holda, 15 nomdagi toʻgarak – “Mohir qoʻllar”, “Yosh kitobxon”, “Badiiy gimnastika”, “Shaxmat-shashka”, “Mini-futbol”, “Ingliz tili”, “Robototexnika”, “Kulolchilik” va boshqalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu toʻgaraklar orqali oʻquvchilarning boʻsh vaqtlari mazmunli va foydali oʻtkazilmoqda.









