O‘zbekiston delegatsiyasi Chengduda bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-texnologik konferensiyada ishtirok etdi
2025-06-12 16:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Konferensiyada 91 davlat va 17 xalqaro tashkilotdan 1500 nafardan ortiq delegat qatnashdi. Xususan, vazirlar yig‘ilishida 42 ta davlat vakillari ishtirok etib, global muammolarga qarshi ilmiy yondashuv va xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Vazir o‘rinbosari O.Mahkamov yig‘ilishda so‘zga chiqib, O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ilm-fan va innovatsiyalar sohasida olib borilayotgan islohotlar, zamonaviy ilmiy infratuzilmaning rivojlanishi, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiya haqida ma’lumot berdi. U, shuningdek, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining yangi bosqichida transmilliy ilmiy loyihalar, ilmiy diplomatiya va teng imkoniyatli texnologik rivojlanish tashabbuslarini ilgari surdi.
Anjuman doirasida vazir o‘rinbosari O.Mahkamov Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Konstantin Mogilevskiy bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida qo‘shma ilmiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or muhandislik maktablarini rivojlantirish hamda innovatsion kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, ushbu xalqaro maydonda Toshkent arxitektura-qurilish universiteti iUNRC (Tadqiqot hamkorligi uchun universitetlar tarmog‘i) a’zoligiga rasman qabul qilindi. Bu orqali universitet O‘zbekiston nomidan iUNRCda ishtirok etuvchi ilk oliygohga aylandi. 2025-yilda iUNRCga shuningdek, Indoneziyadan Institut Teknologi Bandung hamda Xitoydan Hunan University va Sichuan University ham a’zo bo‘ldi. Tarmoq a’zolari soni 16 taga yetdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston ilm-fani va ta’lim sohasining xalqaro hamkorlikdagi faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.




