“Dolzarb 90 kun” doirasida amaliy ishlar izchil davom etmoqda
2025-06-10 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur festival doirasida Mirobod tumanidagi 154-umumta’lim maktabida “Dolzarb 90 kun” loyihasi asosida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi. Festival Toshkent davlat transport universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tashabbusi bilan o‘tkazildi.
Tadbir davomida tumandagi 18 ta maktabda faoliyat yuritayotgan to‘garaklar faoliyatidan namunalar namoyish etildi. Jumladan, 31-maktab — koreys tili, 56-IDUM — kompyuter grafikasi, 60-maktab — “Yosh rassomlar”, 125-maktab — qo‘g‘irchoq teatri, 214-maktab — “Iqtidor ansambli”, 147-maktab — ingliz tili, 154-maktab — “Pazandachilik”, “Yosh futbolchi” va “Hunarmandchilik” kabi yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, Barkamol avlod markazi va boshqa maktablarda tashkil etilgan “Kibersport”, “Robototexnika”, “Mental arifmetika”, “Gimnastika”, “Taekvando”, “Qo‘l jangi”, “Shashka va shaxmat” kabi yo‘nalishlar ham keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi.
Ma’lumot uchun: 2024–2025 o‘quv yilida Mirobod tumanidagi umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning darsdan keyingi bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida 1042 ta to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularga 19 058 nafar o‘quvchi jalb etilgan. Xususan, 807 ta fan yo‘nalishidagi, 33 ta kasbga yo‘naltiruvchi, 90 ta sport yo‘nalishidagi, 112 ta “5 tashabbus” doirasidagi to‘garaklar faoliyat yuritmoqda.
Mazkur festival yoshlarda kasbiy va ijodiy qiziqishlarni rag‘batlantirish, ularga qo‘shimcha bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, shuningdek, ta’lim va amaliyot integratsiyasini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.









