Sanoat uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash yo‘lida: JICA bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
2025-06-05 15:25:00 / Vazirlik yangiliklari

Muzokaralar doirasida asosiy e’tibor “Sanoatni modernizatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan yuqori malakali kadrlar bazasini kengaytirish” loyihasi yuzasidan istiqbolli hamkorlik masalalariga qaratildi. Hozirda ushbu loyiha konsepsiyasini ishlab chiqish maqsadida JICA tomonidan O‘zbekistonda o‘rganishlar olib borish uchun tegishli sohadagi xalqaro konsultant kompaniyalar jalb etilgan.
Dastlabki bosqichda loyiha doirasida O‘zbekistonning qator oliy va kasbiy ta’lim muassasalarida uchrashuv va intervyular o‘tkazildi. Uchrashuvlar davomida ta’lim muassasalari rahbarlari bilan loyiha yuzasidan fikr almashildi, mavjud muammo va takliflar o‘rganildi. Bildirilgan taklif va mulohazalar ikki tomonlama muhokamalarda inobatga olinib, loyiha konsepsiyasida o‘z aksini topishi rejalashtirilmoqda.
Ushbu tashrif va o‘rganishlar natijasida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida ta’lim sohasidagi amaliy hamkorlik yanada mustahkamlanishi hamda mamlakatimiz sanoati uchun raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash borasida yangi imkoniyatlar yaratilishi kutilmoqda.






