“Universiada” sport musobaqalari g‘oliblariga “Prezident sovg‘asi” tantanali topshirildi
2025-05-30 12:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Sport vaziri Adham Ikramov, Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev hamda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, hamkor vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, talabalar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, bugungi kunda yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va sport bilan muntazam shug‘ullanishni keng targ‘ib qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
“Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Odamlarni dori bilan emas, jismoniy faollik bilan davolash kerak” degan tamoyil “Universiada” sport musobaqalarida ham o‘z ifodasini topdi.”- dedi vazir Q.Sharipov o‘z nutqida.
2024/2025-o‘quv yili davomida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida yirik sport loyihasi — “Universiada” sport musobaqalari tashkil etildi. Unda 286 mingga yaqin talaba-yoshlar faol ishtirok etdi.
Musobaqalar 17 ta sport turi — gandbol, voleybol, futbol, kurash, dzyudo, shaxmat, yengil atletika va boshqalar bo‘yicha o‘tkazildi. Hududiy bosqichlarda 43 470 nafar, final bosqichlarda esa 3 052 nafar talaba, shundan 1 027 nafari qizlar ishtirok etdi.
Mazkur nufuzli sport tadbirida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahri jamoalari to‘liq tarkibda qatnashdi.
Yakunda umumjamoa hisobida
1-o‘rin – Toshkent viloyati jamoasiga,
2-o‘rin – Buxoro viloyati jamoasiga,
3-o‘rin – Toshkent shahri jamoasiga nasib etdi.
G‘olib jamoalar tantanali marosimda “Prezident sovg‘asi” bilan taqdirlandi.









